Shavkat Mirziyoev Xitoy va Janubiy Koreyaga mahsulotlar eksporti kamayganini tanqid qildi

14 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi hamda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va gumanitar loyihalar ijrosini tanqidiy ko`rib chiqish, yangi o`sish nuqtalarini belgilashga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Xitoy va Janubiy Koreya O`zbekistonning strategik sheriklaridir. Ikki davlat bilan ham oliy darajadagi tashriflar doirasida keng ko`lamli kelishuvlarga erishilgan, savdo, iqtisodiyot, investisiya, gumanitar va boshqa sohalardagi loyihalarni qamrab olgan “yo`l xaritasi” qabul qilingan.

Lekin koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyoti uchun kutilmagan sinov bo`ldi. Karantin cheklovlari tashqi savdo aloqalarining qisqarishiga, transport qatnovlari kamayishiga, investisiya loyihalari kechikishiga olib kelmoqda.

Реклама на Unews

Davlatimiz rahbari 6 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqotda qo`shma dastur va loyihalarni tezlashtirish hamda ularni amalga oshirishda ko`maklashish, kerak bo`lsa, imtiyozli kreditlarni oshirish yuzasidan kelishib olindi. Yil oxiriga qadar davlat rahbarlari ishtirokida onlayn sammit o`tkazilishi belgilandi.

Xitoy bilan ham aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga bo`lajak davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Shu yilning 8 oyi davomida O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 4 milliard dollarga, Janubiy Koreya bilan 1,4 milliard dollarga etdi.

Реклама на Unews

Yig`ilishda Prezidentimiz bu davlatlar bilan hamkorlik bo`yicha imkoniyatlar ko`pligi, lekin hozirgi natijalar etarli darajada emasligini ta`kidladi. “Yo`l xaritalari” ijrosi oqsayotgani, ish tizimli olib borilmayotganini jiddiy tanqid qildi.

Bu yil ayrim sohalarda eksport ko`rsatkichlari pasaygan. Jumladan, Xitoyga o`tgan sakkiz oyda to`qimachilik sohasida 42,3 foizga, kimyo va neft-kimyo sanoatida 33,1 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etkazib berishda 18,1 foizga kamaygan.

Shu davrda Janubiy Koreyaga eksport bo`yicha Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida sustkashlikka yo`l qo`yilgan.

Yig`ilishda tarmoq va hudud rahbarlari eksportning ahamiyatini hanuzgacha chuqur tushunib etmayotgani, ularning bu boradagi ish uslubi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermayotgani ko`rsatib o`tildi. 

– Har bir tarmoq va hudud rahbari o`z mahsulotlarining raqobatdoshligini oshirish, tannarxini tushirish va ularni tashqi bozorlarga etkazib berish bo`yicha yangi, samarali takliflar ishlab chiqib, bu masalalar bilan doimiy shug`ullanishi shart, – dedi Prezident.

 

Xitoyning ochiq iqtisodiy siyosati va mamlakatimizning qulay geografik joylashuvidan samarali foydalanish, Janubiy Koreya bozoriga yuqori qo`shimcha qiymatli mahsulotlarni aviatransport orqali tashish muhimligi aytib o`tildi.

XXR va Koreya Respublikasi mamlakatimizning yirik investorlari ham hisoblanadi. Xususan, oxirgi uch yilda Xitoydan 3,9 milliard, Janubiy Koreyadan 850 million dollar sarmoyalar o`zlashtirilgan.

Lekin ayrim investisiya loyihalari ijrosi kechikmoqda.

Yig`ilishda shunday loyihalar tarmoq va viloyatlar kesimida tanqidiy muhokama qilindi. Muddatidan ortda qolayotgan yoki to`xtab qolgan loyihalarni chuqur tahlil qilgan holda, ularni jadallashtirish va ishga tushirish choralari belgilandi. Shu bilan birga, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga Xitoy hamda Janubiy Koreyadan to`g`ridan-to`g`ri sarmoyalarni jalb qilishni ko`zda tutuvchi yangi loyihalarni shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Transport, sog`liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarning borishi ham ko`rib chiqildi.

Xitoy va Janubiy Koreya bilan keng qamrovli hamkorlikni yo`lga qo`yish, yangi yo`nalishlar topish va qo`shma loyihalarni amalga oshirish, ularning ijrosini nazorat qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

– Bugun zamon o`zgaryapti, talab o`zgaryapti. Hamma tarmoqlar tahlil qilinmoqda. Ularni rivojlantirish bo`yicha qarorlar qabul qilyapmiz. Natija ham shunga mos bo`lishi kerak. Iqtisodiy barqarorlikning kafolati – eksport va investisiya ko`rsatkichlarini oshirish, – deya ta`kidladi Prezident.

Videoanjuman ko`rinishida o`tgan yig`ilishda Bosh vazir o`rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va O`zbekistonning chet mamlakatlardagi elchilari ishtirok etib, eksport va investisiya loyihalaridagi qoloqlikni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobot berdi.

Mutasaddilarga barcha qo`shma loyihalarni tanqidiy ko`rib chiqqan holda, ularni tezlashtirish va belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish bo`yicha yangilangan “yo`l xaritalari” tayyorlash hamda kelgusi yil uchun yangi istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring