Samarqanddagi "1000 ta jo'ja spektakl"i yoxud "kuzda sanalgan jo'jalar"...

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida «Temir daftar»ga kiritilgan kambag‘al xonadon vakili deb muxbirlarga tanishtirilgan yigit mahalla raisining o‘g‘li bo‘lib chiqdi, bu holatdan sektor rahbari hisoblangan tuman prokurori ham xabardor bo‘lgan, deya xabar bermoqda «Kun.uz»,  deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

«1000 ta jo‘ja spektakli»

«Kun.uz» nashrida 5 sentyabr kuni Pastdarg‘om tumani «Qo‘qoni» mahallasida yashovchi Doston Tirkashev bilan intervyu e’lon qilingan. Unda yigit tadbirkorlikni endi boshlagani, sekin-asta oila o‘z imkoniyatlarini tiklab borayotgani, otasi ayni vaqtda Rossiyada (mehnat muhojirligida) ekani yoritilgandi.

«Ochig‘i, mahalladan bizga har safar yordam berilganda uyalardim, vijdonim qiynalardi... Doimiy ishim bo‘lmagani sababli ro‘zg‘orimizda so‘nggi oylarda ancha yetishmovchilik bo‘lgani rost...», — degan o‘sha intervyuda Doston. U mahalla vakillari taklifi bilan jo‘ja boqishni boshlagani, «hudud rahbari bo‘lgan tuman prokurori ham kelib, dalda bergani»ni ta’kidlagan.

Реклама на Unews

«Birinchi safar besh millionga yaqin daromad oldik. Mana bu ko‘rib turganlaringizni boqayotganimga 10 kuncha bo‘ldi. Bu safar besh million sof foyda olishni rejalashtirib turibmiz. Ochig‘i, endi ishimni topdim», — degan Doston mana shu ish ortidan topilgan pulga oila qurgani, 30 kishilik to‘y o‘tkazganini ham aytib o‘tgan.

«Kun.uz»ning qo‘shimcha qilishicha, Doston Tirkashev bularning barini so‘zlab bergan vaqtda mahalla raisi Husniddin Tursunov va tuman prokurori Asror Valiyev ham muxbirlar bilan birga bo‘lgan; o‘shanda prokuror bu xonadonni kambag‘alchilikdan chiqarishga bosh-qosh bo‘layotganini tasdiqlagan.

Buni mahalla raisi Tursunov ham tasdiqlab, prokuror Dostonning tadbirkorlik qilishiga ko‘maklashayotgani, quduqqa nasos tashlab bergani haqida gapirgan. Bundan tashqari, bu oilaga davlat tomonidan naqd pul ko‘rinishda moddiy yordam berilgani, uyi esa hashar yo‘li bilan ta’mirlangani ham ma’lum qilingan.

Реклама на Unews

Maqola e’lon qilingach, «Kun.uz» saytiga Doston Tirkashev yashovchi qishloqdan ko‘plab e’tirozlar tushgan. Bu e’tirozlarda Dostonning otasi Rossiyada emasligi, balki aynan shu mahalla raisi (Husniddin Tursunov) ekani ta’kidlangan. Shundan so‘ng nashr muxbirlari yana «Qo‘qoni» mahallasida bo‘lib, e’tirozlar asosli ekanini aniqlagan.

Shunga qaramay, Doston Tirkashevning ukasi ular mahalla raisining farzandlari ekanini yashirishga urinib, «Dadam Rossiyada, mahalla raisi bu uyda turmaydi», degan. Husniddin Tursunovning o‘zi esa o‘sha kuni shoshgani, «Temir daftar»ga kiritilgan oila sifatida kimni ko‘rsatishni bilmay qolganini ma’lum qilgan.

Hokimlik munosabati

«Kun.uz»da 8 sentyabr kuni e’lon qilingan «1000 ta jo‘ja spektakli» haqidagi maqolasi yuzasidan Pastdarg‘om tumani hokimligi munosabat bildirdi. Unda ta’kidlanishicha, «mahalla oqsoqoli mahallasida kambag‘allik bo‘yicha qilingan ishlarni o‘rganishga kelgan muxbirga yolg‘on ma’lumot bergan».

«Ya’ni, rais o‘z xonadoniga kirib, bu kam ta’minlangan oilaning uyi ekanini aytgan. Ushbu holat tuman mutasaddilari tomonidan tegishli tartibda tanqidiy muhokama etiladi va jiddiy xulosa qilinadi», — deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Tuman prokurorining xatti-harakatlari yuzasidan vakolatli idoralar hozircha biror munosabat bildirgani yo‘q, shuningdek, jurnalistlarning ushbu xonadon vakillari bilan uchrashuvini tashkillashtirishga mas’ul boshqa tashkilotlar ham voqea bo‘yicha hozircha biror izoh bermadi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring