Samarqandda tuman va shahar hokimlarining 114 ta qarori haqiqiy emas deb topildi

Samarqand viloyati ma`muriy sudi raisi T.Fayziev xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida bu haqda ma`lum qildi, deya xabar bermoqda O`zA.

– Ma`muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta`minlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanadi – dedi T.Fayziev. – Afsuski, tahlillar hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilishda ko`p hollarda qonun normalarining buzilishiga yo`l qo`yilayotganini ko`rsatmoqda. Samarqand viloyat ma`muriy sudlari tomonidan 2021 yilda jami ko`rib chiqilgan 1148 ta ma`muriy ishlardan 419 tasini yoki 36,4 foizini hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog`liq toifadagi nizolar tashkil qilgan. Shundan, 114 ta ish bo`yicha hokimlarning qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.

Jumladan, Pastdarg`om tuman hokimning 36 ta, Samarqand shahar hokimining 24 ta, Samarqand tuman hokimining 10 ta, Bulung`ur tumani hokimining 7 ta, Urgut, Toyloq, Kattaqo`rg`on tumanlari va Kattaqo`rg`on shahar hokimlarining 5 tadan qarorlari haqiqiy emas deb topilib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklandi. 

Реклама на Unews

Hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish ko`rsatkichi 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 16 taga oshgan.

Tuman (shahar) hokimlari tomonidan qarorlar qabul qilishda qonun talablariga etarli darajada rioya etilmaganligi sababli sudlar tomonidan hokimliklariga nisbatan 33 ta xususiy ajrim chiqarilgan.
Viloyat ma`muriy sudi raisi bunday holatlarni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni ham sanab o`tdi. 

– Birinchidan, sud amaliyoti tuman (shahar) hokimlari qarorlarining qonun hujjatlariga har doim ham mos kelmayotganligini, ya`ni ularning harakatlarida Er kodeksi va “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi qonun normalari buzilayotganligini ko`rsatmoqda, – dedi T.Fayziev. – Ikkinchidan, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmat xodimlarining mas`uliyati va roli ham talab darajasida emas, ular tomonidan tayyorlangan qaror loyihalarini har doim ham qonun talablariga javob beradi deb bo`lmaydi.

Реклама на Unews

Uchinchidan, amaldagi Er kodeksi talabiga muvofiq, er uchastkalarini ijaraga olish shartnomalari taraflarning kelishuviga asosan yoki sud tomonidan bekor qilinmasdan turib, er maydonlarini tuman zaxira erlari hisobiga qaytarish to`g`risida hokimlik tomonidan qarorlar qabul qilinishiga yo`l qo`yilgan. 

To`rtinchidan, erdan foydalanuvchilarning er uchastkasini ajratish to`g`risidagi qarorning bekor qilinishi haqida oldindan ogohlantirilmaganligi va qaror nusxalarining manfaatdor shaxslarga taqdim etilmasligi yoki kech taqdim qilinishi holatlari ham ularning haqli e`tirozini keltirib chiqarmoqda.

Beshinchidan, hokimlar tomonidan er maydonlari, erlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga asosan er maydoninin olib qo`yish haqida sudga da`vo arizasi kiritilmasdan, qaror qabul qilgan holda olib qo`yilmoqda. 

Oltinchidan, hokimlar tomonidan egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan er uchastkalari boshqa shaxslarga shu uchastka belgilangan tartibda olib qo`yilmasdan va davlat mulki sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilmasdan berib yuborilgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring