Rossiyada qolayotgan o‘zbekistonliklar qachon Vatanga qaytariladi? Moskvadagi elchixona vakili bilan suhbat

Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat aniqlangandan so‘ng, mamlakatda havo va quruqlik, shuningdek temir yo‘l tashuvlari to‘xtatildi. Shunga qaramay, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, BAA, Turkiya, Ukraina, Qirg‘iziston, AQSH, Rossiya kabi mamlakatlardan minglab fuqarolar Vatanga qaytarildi, deb yozmoqda "Qalampir.uz" nashri.

O‘tgan olti oy davomida chegaralarda qolib ketgan o‘zbekistonliklar haqida bir necha xabarlar e’lon qilindi. Ularga O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsulliklari tomonidan zudlik bilan yordam ko‘rsatildi. 

Masalaga atroflicha e’tibor qaratsak, albatta, O‘zbekiston o‘z fuqarolarining salomatligi va daxsizligiga, ularning uzoq o‘lkalarda sarson bo‘lmasligiga mas’ul. Ammo boshqa tarafdan ularni olib kelish faqat Toshkentning xohish-irodasiga bog‘liq emas. Ikkinchi tarafdagi vaziyat, epidemiologik holat va havo, quruqlik hamda temir yo‘l tashuvlariga ruxsat, o‘zaro kelishuv bunda muhim o‘rin tutadi. 

Реклама на Unews

O‘zbekistonda joriy yilning 15 avgustidan boshlab karantin cheklovlari yumshatildi. Besh mamlakat bilan xalqaro parvozlar tiklandi. Mahalliy temir yo‘l qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Ayni vaqtda xalqaro muntazam temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda

Kecha, 7 sentyabr kuni xabar berganimizdek, Rossiyaning Rostov viloyati Pervomaysk tumanidagi vokzalda 3 mingga yaqin o‘zbekistonliklar to‘plangan. Ular rasmiy Toshkentga murojaat qilib, och va yupun vokzal hovlisida qolayotganlarini aytishgan. Holat yuzasidan zudlik bilan choralar ko‘rildi. Bugun, 8 sentyabr kuni Rostovdan Toshkentga poyezd yo‘lga qo‘yilishi belgilandi

QALAMPIR.UZ Rosssiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi rasmiy vakili Shaxriyor Turg‘unboyev bilan suhbatlashdi. 

Реклама на Unews

QALAMPIR.UZ: — Shaxriyor Abduqayumovich, aytingchi, bugungi kunda Rossiyadagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyat qanday? Elchixona ularni O‘zbekistonga qaytarish borasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Shaxriyor Turg‘unboyev, elchixona vakili: — Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston chet davlatlarda, xususan, Rossiyada qolib ketgan va/yoki og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish, ularni Vatanimizga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda. Bu maqsadda Rossiya poytaxti Moskva va boshqa yirik shaharlaridan charter reyslari, poyezdlar tashkillashtirilmoqda. Xususan, mart oyidan boshlab bugungi kunga qadar Rossiyaning turli hududlaridan turli transport vositalari orqali 38 531 nafar o‘zbekistonlik Vatanimizga qaytarildi. 3 338 ta oilaga oziq-ovqat to‘plamlari yetkazib berildi. 4 000 dan ortiq o‘zbekistonlik talabaga oziq-ovqat yetkazib berildi. 3 nafar fuqaromizning Rossiya tibbiyot muassasalarida davolanish xarajatlari to‘lab berildi. 

2020 yil 14 maydan buyon “Mehr” xayriya loyihasi amalga oshirilib, uning doirasida og‘ir ahvolda qolgan 8 152 nafar O‘zbekiston fuqarosiga 57 million 348 454 rubl miqdorida bir martalik moddiy yordam to‘lab berildi. 606 nafar vatandoshimiz xostellarga joylashtirilib, ularning yashashi va ovqatlanishi haqi to‘lab berildi. 


QALAMPIR.UZ: — Siz aytganingizdek, elchixona barcha choralarni ko‘rayotgan bo‘lsa, nega fuqarolar chegaralarda to‘planyapti? Nega vokzal, aeroportlarga borib olyapti?

Sh.T.: — Rasmiy kanallarimiz orqali Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarimizni ijtimoy tarmoqlarda tarqatilayotgan chegaralar ochilishi haqidagi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘rab bir necha marotaba murojaat qildik. Ayrim vijdonsiz taksichilar vatandoshlarimizning ishonchini suiste’mol qilgan holda chegaragacha transfer xizmatlari haqidagi e’lonlarni ijtimoiy tarmoqlarda va ommabop messenjerlardagi turli guruh va kanallarda tarqatayotgani haqida ham ogohlantirdik.  Vijdonsiz "tashuvchilar" odamlar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, ularni vaziyat qurboniga aylantirib, chegaragacha yoki temir yo‘l vokzaligacha olib borib qo‘yishni o‘ziga xos "biznes"ga aylantirib olgan.

Afsuski, barcha ogohlartirishlarga qaramasdan, Rossiyaning turli hududlarida, yaqin-yaqingacha Orenburg va Samara oblastlarida, endi esa Rostov oblastida fuqarolarimizning to‘planishi kuzatilmoqda. Ularning vaziyatini va Vatanga qaytish istagini to‘la tushungan holda shuni ham ta’kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi sharoitida ko‘p sonli fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday vaziyat, ayniqsa, yoshi katta, nogiron, doimiy kasalligi bor insonlar, homilador ayollar uchun nihoyatda xavflidir. Fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar chog‘ida biz ularga, chegaralar ochilgunga qadar ishlab turish uchun munosib to‘lovi, yashash  joyi va ovqati bilan ta’minlangan bir necha ming vakansiyalar, bepul yashash joyi (ovqatlanish bilan) taklif qildik. Lekin ushbu imkoniyatlardan faqatgina sanoqli kishilar foydalanishdi, aksariyat fuqarolar to‘plangan joylarda kutishni afzal ko‘rishdi.

Quvonarlisi, O‘zbekiston fuqarolari to‘plangan hududlardan maxsus poyezdlar tashkil qilinib, ular orqali vatandoshlarimiz bosqichma-bosqich respublikaga qaytarilmoqda. Orenburg va Samara oblastlaridan, Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridan tashkil etilgan poyezdlar haqidagi axborotlar ko‘plab OAV, shu jumladan, QALAMPIR.UZ saytida ham keng yoritildi. QALAMPIR.UZ saytida joylashtirilgan videoda aks etgan Pervomayskaya temir yo‘l stansiyasidan 23 avgust kuni poyezd orqali 927 vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytarilgan edi.


QALAMPIR.UZ: — Kecha saytimizda Rostovdagi vokzalda 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik qolib ketayotgani haqida xabar bergan edik. Mazkur masalani hal etish, ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlandimi? 

Sh.T.: — So‘nggi kunlarda ushbu stansiyada kuzatilayotgan vaziyat O‘zbekistonning Moskvadagi Elchixonasi va Rossiya hududlaridagi tegishli Bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan va yuzaga kelgan muammoni hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Fuqarolarimizga murojaat qilib, shuni aytar edikki, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi. Oldin joriy etilgan cheklov choralari bekor qilinmoqda, sanoat korxonalari, savdo ob’ektlari va boshqa tashkilotlar ishga tushmoqda, demak yangi ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda.

Murakkab sharoitda fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda shubhali manbalardan tarqatilayotgan yolg‘on xabarlarga ishonmasdan, chegara hududlari yoki temir yo‘l stansiyalariga bormasdan, xotirjamlikni saqlashlarini so‘rab qolar edik. Biz, o‘z tomonimizdan, vatandoshlarimizni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash uchun qonun va imkoniyatlarimiz doirasidagi barcha ishlarni qilmoqdamiz. 


QALAMPIR.UZ: — Gaplaringizdan masalaning odamlarga notanish bo‘lgan ikkinchi taraflari borligi ko‘rinib turibdi. Albatta, pandemiya ayrim “uddaburon”larga qo‘l keldi. Ular odamlarning kasalligi, nochorligi va o‘zga mamlakatda ishsiz va uysiz, kamiga daromadsiz qolib ketganidan o‘z maqsadida foydalanib qolmoqda. Siz Rossiyada shunday muammoga duch kelayotgan o‘zbekistonliklarga nima degan bo‘lar edingiz?

Sh.T.: — Turli asosli sabablarga ko‘ra, (oilaviy, salomatlik bilan bog‘liq muammolar) Vatanimizga qaytishi shart bo‘lgan fuqarolarimizdan O‘zbekistonning Moskvadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limi va Rossiya hududlaridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonalari olib borayotgan ro‘yxatlarga yozilib o‘z navbatini kutib turishlarini so‘raymiz. Shuni yodda tutingki, odamlar ko‘p to‘plangan har qanday joy qisqa muddatda virus va kasallanish manbaiga aylanadi. Shunday ekan, o‘zingiz, yaqinlaringiz va boshqalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymang.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring