Rossiya o‘zbekistonlik migrantlarning taqdirini yengillashtiradigan hujjatlarni qabul qilmadi – Abdulaziz Komilov

Senatning oltinchi yalpi majlisida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mehnat muhojirlari haqida gapirdi,  deb yozmoqda "Sof.uz" nashri.

«Migrant bo‘lish oson emas. Bu ashaddiy sinov. Migrantlar muammolarini aysberg singari ko‘zga ko‘ringan qismini muhokama qilyapmiz. Bu muammoni hal qilish uchun kompleks yondashuv bo‘lishi kerak.

Chet elda sarson bo‘lib yurgan vatandoshimizni to‘xtatib, vatanga qaytasanmi, deb so‘rasangiz, qaytaman, menga ish topib beringlar deydi. «Halol mehnat bilan daromad topib, oilamni boqaman. Agar shuni ta’minlab bersanglar, hozir qaytaman, bu yerda yashash oson emas», deydi. Migrantlarga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturi bo‘lishi kerak.

Реклама на Unews

Chet eldagi yurtdoshlarimizni migrant deyishga til bormaydi. Albatta, ularning orasida har xili bor. Lekin ko‘pchiligi vatanparvar, yurtini sevadi, bugun desangiz, bugun qaytishga tayyor. Biz sharoitlarni yaratib berishimiz kerak», dedi Tashqi ishlar vaziri.

 

U xorijdagi vatandoshlarga elchixonalar tomonidan yordam berilishi haqida gapirib, bu borada e’tirozlar mavjudligini aytib o‘tdi.

Реклама на Unews

«Vatandoshlarimizga qo‘ldan kelguncha yordam beramiz. Lekin muammolarimiz ham yo‘q emas. Moskva okrugidagi konsulxonada 4 nafar xodim ishlaydi. Ular 1,7 mln kishiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Shuning uchun ham konsul javob bermadi, degan e’tirozlar bor. «Konsulxonaga hujum qilamiz, o‘t qo‘yamiz, konsulni osamiz», degan gaplar ham bo‘ldi. Konsullik xodimlari qayerda muammo bo‘lsa, darhol yetib borishga harakat qilyapti», dedi Abdulaziz Komilov.

Vazir fuqarolar taqdirini yengillashtiradigan qator hujjatlar tayyorlangani, biroq ular Rossiya tomonidan rad etilganini aytib o‘tdi.

«Fuqarolarimiz taqdirini yengillashtiradigan qator hujjatlarni tayyorlagan edik. Rossiya bilan bir-ikkita hujjatlarni imzolamoqchi bo‘lgan edik, lekin ular qabul qilmadi. Juda ko‘p nozik tomonlari bor, buniyam, o‘ylaymanki, senatorlarimiz bilishi kerak. Ular aytyaptiki, «to‘g‘ri yozilgan, yaxshi shartnoma. Shartnomani nima qilasiz? Mana, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lib kiringlar. Hech qanaqa shartnoma kerak bo‘lmaydi. Ana shunda hamma muammolar o‘z yo‘li bilan hal bo‘lib ketadi».

Endi YeOII singari institutlarning ko‘plab salbiy, ijobiy taraflari bor, o‘rganib qadam tashlash kerak. Lekin shunaqa muammolar kun tartibida bor», degan Abdulaziz Komilov.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring