Rasul Kusherbayev Andijon hokimi gapirgan audioga keskin munosabat bildirdi! - "... maqtanmasa bo‘lardi-ku. Biz shundoq ham bilamiz: sizlar «zo‘r»sizlar!"

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov unga «sassiq gapirgan» marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan mojaroli audio tarqalgandi. Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bu audioga munosabat bildirdi. Bu haqida "Kun" nashri xabar bermoqda. 

Deputat Andijon hokimini Lenin sabab boshlangan «boshqaruv maktabi»ning sodiq vorisi deb atadi va qilgan ishlari feodal zamonga xosligini ta'kidladi.

«Bir shaxsda vakolatlarning haddan ortiq ko‘p bo‘lishi atrofdagilarga qimmatga tushadigan xatolarga sabab bo‘ladi. Ustiga ustak, bunday vakolat egasi tarbiyadan yiroq, muomala madaniyati yo‘q, bilimi past, ikkiyuzlamachi bo‘lsa bu – chinakam fojia.

Реклама на Unews

Ko‘plab amaldorlarning qo‘pol muomalasi va qonunlarga «tupurib qo‘yib» feodal zamon kabi kimni istasa o‘shani «15 sutkaga» qamatib yuborish prinsipi yaqin tarixda paydo bo‘lib qolgan boshqaruv uslubi emas. Men buni Lenin inqilobidagi «hokimiyat, boshqaruvni dehqon va yupunlarga ber», degan siyosatning oqibati, deb bilaman.

O‘z davrida bilim, odamlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bir guruh zaif odamlarning boshqaruvga kelishi tabiiy ravishda ular tomonidan qo‘rqitish, so‘kish, do‘q po‘pisa qilish orqali boshqarish «instituti»ga asos solinishiga sabab bo‘lgan. Va bu «institut»ning usullari bizda hali ham meva berishda davom etayapti.

Andijon hokimi masalasida esa hokim buni qachon aytgani muhimmas, muhimi u Lenin sabab boshlangan «boshqaruv maktabi»ning sodiq vorisi bo‘lib, vakillik, sud organlari ustidan amalda mutlaq hokimiyat o‘rnatib olgan feodal zamoniga mos insonligi.

Реклама на Unews

O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va boshqalarga qarshi kurashib, dunyoga yuz tutib borayotgan bir vaqtda qanchalar xunuk va sharmandali holat: hech bo‘lmasa demokratiya hurmati uchun ham hokim janoblari Andijonning «hokimi mutlaq» ekanligini bildirib, maqtanmasa bo‘lardi-ku. Biz shundoq ham bilamiz: sizlar «zo‘r»sizlar!» – deb yakunlagan Kusherbayev o‘zining Telegram kanalidagi postini.

Ma'lumot uchun, bu audio tarqalgach, Andijon viloyat hokimligi axborot xizmati unga munosabat bildirdi va bo‘lib o‘tgan suhbat ikki yil oldin yozib olinganini ma'lum qildi. Hokimlik bayonotida aytilishicha, Shuhrat Abdurahmonov audiodagi gaplarni barcha OAVlarga emas, ba'zi noxolis OAVlarga qarata aytgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring