BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

QQS pasaytirilishining bozordagi narxlarga ta’siri o‘rganildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 3 foiz punktgacha tushiriladigan bo‘lsa, bu iqtisodiyotga qanday ta’sir etishini tahlil qildi.

QQS budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblanadi. 2021-yilda QQS bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetib, jami daromadlarning 23,4 foizini tashkil qildi. QQS tushumlarining 44 foizi sanoat tarmoqlari, 18 foizi qurilish tashkilotlari, 13 foizi ulgurji va chakana savdo korxonalarining hissasiga to‘g‘ri keladi.

QQS bo‘yicha soliq yuki iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha notekis taqsimlangan. Masalan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5 foiz, qishloq xo‘jaligida salkam 5 foiz bo‘lsa, qurilish va telekommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishida – 79 foiz, chakana va ulgurji savdoda 59 foiz, sanoatda 43 foizni tashkil etgan. Bu iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun bir xil sharoit yaratilishini cheklab, raqobat tamoyillarining amal qilish doirasini cheklaydi.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo‘yicha tarmoqlararo o‘rtacha nisbiy stavka 24 foizni tashkil etdi. Bu QQS ning hozirgi 15 foizli nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6 foizni tashkil etishini anglatadi. (15 foiz * 0,24 = 3,6 foiz).

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning o‘zgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qat’iy nazar ularga barqaror talab mavjud bo‘lgan tarmoqlar (qurilish, savdo-sotiq, ayrim xizmat ko‘rsatish turlari)ga xos. Ularning hissasiga iqtisodiyot bo‘yicha ishlab chiqarishning (YaIM va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha) atigi 15 foizi, ishchilarning 14 foizi to‘g‘ri keladi. Ushbu guruhning o‘ziga xos xususiyati tashqi muhitga eng kam bog‘liqlik darajasidir.

Soliq yukining o‘rtacha darajasi qazib olish va qayta ishlash sanoati uchun xarakterlidir. Ushbu tarmoqlarga iqtisodiyotda YaIMning ¼ qismi to‘g‘ri keladi. Mazkur tarmoqlar jahon iqtisodiyoti bilan eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan tarmoqlardir. Chunki oraliq importning 83 foiz dan ortig‘i va umumiy eksport hajmining 2/3 qismidan ko‘prog‘i ularning ulushiga to‘g‘ri keladi. Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining o‘sishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Tadqiqot davomida quyidagi jihatlar aniqlandi:

QQS tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli QQS nominal stavkasining 15 foizdan 12 foizgacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlarning pasayishiga olib keladi.

«Xarajatlar-ishlab chiqarish» narx modelidan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday pasayish 0,81 foizni tashkil etadi, deb baholanmoqda.

Narxlarning pasayishiga qayta ishlash sanoati (39 foiz), qurilish (14 foiz) va ulgurji va chakana savdo (10 foiz) tarmoqlari eng katta hissa qo‘shadi, ya’ni ushbu uchta tarmoq ulushiga umumiy narxlar pasayishning deyarli 2/3 qismi to‘g‘ri keladi (0,8 foizdan).

Jumladan, elektr energiyasi narxlarining pasayishi (iqtisodiyotdagi ulushi 2,1 foiz) 1,27 foiz, qurilish xizmatlari 1,62 foiz (7,1 foiz), ulgurji va chakana savdo 0,96 foiz (3,5 foiz), telekommunikatsiya xizmatlari 2,25 foiz (1,16 foiz) miqdorida hisoblandi.

Iste’mol bozorida narxlar kamroq darajada – 0,59 foizga pasayadi. Ushbu baho iqtisodiyotning ishlab chiqarish tuzilmasidan sezilarli darajada farq qiluvchi tarmoq narxlari va uy xo‘jaliklari iste’molining tarmoq tuzilmasidagi hisoblangan o‘zgarishlar asosida olingan.

Shu nuqtai nazardan, amaldagi va nominal stavkalar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish, shuningdek, standart og‘ish bo‘yicha 22,8 foizni tashkil etgan amaldagi stavkalarning tarmoqlararo o‘rtacha ko‘rsatkichini (24 foiz) kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nisbatan istiqbolli bo‘lishi mumkin. Bu esa QQS bo‘yicha standart stavkasi pasaygan taqdirda ham soliq tushumlarining o‘sishini ta’minlaydi.

Shu o‘rinda QQS tizimini takomillashtirishda Xitoy tajribasiga e’tibor qaratish mumkin. Xitoyda QQS ning standart stavkasi 13 foizni tashkil qiladi. 9 foizli (chakana savdo, ko‘ngilochar, mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, qurilish, transport, pochta va logistika xizmatlari) va 6 foizli (moliyaviy sektor va sug‘urta, axborot texnologiyalari va konsalting) pasaytirilgan QQS stavkalari amal qiladi.

Soliq solish tizimining tez-tez o‘zgarishi optimal emas. Ammo QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, u o‘zini oqlamagan soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qancha yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shuncha past bo‘lishi kerak. Bu esa korxonalarga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi.

Fikr qoldiring