Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga tayyorlangan qurolli guruh qo‘lga olindi

Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish bostirildi. Bu haqda Respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi ma’lum qildi.  

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi”, deyiladi xabarda. 

Matbuot markazi xabariga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan “bo‘lajak parlament saylovlari xavfsizligini ta’minlash” bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida bir guruh shaxslar “barqarorlikni buzish maqsadida provokatsiyalar uyushtirishni rejalashtirganligi” haqida ma’lumot olingan. Ular saylovdan keyin mamlakatda tartibsizlik qo‘zg‘atuvchi namoyishlar qilishga uringan va shundan so‘ng hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishni rejalashtirgan. 

Реклама на Unews

Mazkur holat yuzasidan Respublika Jinoyat kodeksining “Hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish” moddasi bo‘yicha sudga qadar tergov harakatlari boshlangan. 

“Tergov sudyasi tomonidan ruxsat etilgan maxsus tergov-tezkor harakatlari natijasida ma’lum buzg‘unchi siyosiy kuchlar, shu jumladan, Jo‘qorg‘i Kengesh deputatlari va sobiq yuqori mansabdor shaxslar boshchiligidagi bir guruh shaxslarning jinoiy faoliyatiga oid rad etib bo‘lmaydigan dalillar aniqlandi”, deyiladi xabarda. 

Ismi va familiyasi hozircha e’lon qilinmagan gumonlanuvchilar parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng “ayrim siyosiy kuchlar, jumladan, saylovda mag‘lub bo‘lganlar ko‘magiga tayanib” Bishkek hududida ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirishni rejalashtirgan. Ular huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlar keltirib chiqarishni ham maqsad qilgan. 

Реклама на Unews

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida qayd etilishicha, ushbu rejalarni amalga oshirish uchun gumonlanuvchilar 1000 ga yaqin “tajovuzkor yoshlar”ni jalb qilmoqchi bo‘lgan. 

“Mazkur guruhning jinoiy faoliyatiga barham berish maqsadida bugun, 26 noyabr kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tergovchilari tomonidan faol ishtirokchilarning yashash joylari va ijaraga olgan idoralarida tintuvlar o‘tkazildi. Natijada jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilganligini tasdiqlovchi hujjatli materiallardan tashqari o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va giyohvandlik vositalari ham topilgan”, deyiladi xabarda. 

Ushbu ish doirasida 15 nafar shaxs qo‘lga olingan. 

“Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilib, yuqorida qayd etilgan jinoiy guruhning boshqa a’zolari aniqlanib, ularning qilmishlariga ham tegishli huquqiy baho beriladi”, deyiladi matbuot markazi xabarida. 

Avvalroq, Prezident Sadir Japarov Qirg‘izistonda bo‘lajak parlament saylovlari adolatli va demokratik normalar asosida o‘tishini aytgan edi.  

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar joriy yilning 28 noyabriga belgilangan. Ular aralash tizim bo‘yicha o‘tkaziladi: 54 deputat partiya ro‘yxati bo‘yicha, 36 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi.  

Oliy qonun chiqaruvchi organdagi deputatlik o‘rinlari uchun 21 ta siyosiy partiya va 300 ga yaqin nomzodlar bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha kurash olib bormoqda. Saylovda ishtirok etayotgan partiyalarning aksariyati ilk bor qatnashmoqda.  

Respublikada saylovchilar ro‘yxatiga 3,7 milliondan ko‘proq kishi kiritilgan. Qirg‘iziston va undan tashqarida saylov kuni 2500 ga yaqin saylov uchastkasi ochiladi. Saylovlarni 730 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar, jumladan MDH va YeXHT tuzilmalaridan vakillar ham kuzatadi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring