"Qaysi jamoa Kubokni yutgach, chempionlik kerak emas deydi?" yoxud "Navbahor"ga nima pand berdi?

Buxoroda o‘tkazilgan O‘zbekiston Kubogi ham endi tarixga aylandi-qoldi. Unda ikkita teng kuchli jamoalar – “Nasaf” hamda “Navbahor” bir-biriga raqiblik qildi. O‘yin taqdiri 90 daqiqa ichida hal bo‘lmagach, qo‘shimcha taymlarga o‘tildi. Lekin penaltilar seriyasigacha o‘rin qolmadi. Bunga “Nasaf” jamoasi yo‘l qo‘ymadi. Oqibatda qarshiliklar ketma-ket ikkinchi marotaba O‘zbekiston Kubogini boshi uzra baland ko‘tardilar.

Tabiiyki, bellashuvdan so‘ng turli fikrlar bildirilishi odatiy hol. Uchrashuvgacha va uchrashuvdan keyingi munosabatlarning bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini oddiy qabul qilamiz. Chunki, har doim futbolda o‘ylagan reja amalga oshavermaydi. Bu safar xuddi shunday manzarani “Navbahor” misolida ko‘rdik. Agar Samvel Babayanning barcha rejalari ish berganida Buxorodan Kubok bilan qaytishgan bo‘lardi. Biroq Ro‘ziqul Berdiyevning taktikasi hamda topqirligi ish berdi.

Ha, namanganliklarning sevimli jamoasidan umidi katta edi va uylariga Kubok bilan qaytishni orzu qilgandilar. “Navbahor” klubi uchun befarq bo‘lmagan, ancha vaqt ushbu jamoa sharafini himoya qilib, sovrinlarni qo‘lga kiritgan Rashid G‘ofurov Kubok finalidan so‘ng Sports.uz uchun o‘yin, “Navbahor”ga nima yetishmaganligi va chempionlikdagi imkoniyati to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Final uchrashuvi baribir qiziqarli vaziyatlarga boy bo‘ladi, - deya gap boshladi, Rashid G‘ofurov. - Bu o‘yinda kim yutishini oldindan aytish qiyin edi. “Navbahor” tarkib jihatidan kuchli deyiladi. Lekin o‘yin borasida baribir “Nasaf”da o‘yin borligi bilinadi. Nima bo‘lganda ham ulardagi futbolchilar ancha yildan beri birga o‘ynab kelishyapti. “Nasaf” tiki-takaga moslashgan jamoa. Hozir aytdim, “Navbahor”da yaxshi tarkib yig‘ilgan. Biroq o‘yin jihatidan qisqa fursatlar ichida bir-birini tushunishi qiyin bo‘ladi. Shu narsa pand berdi, deb o‘ylayman. “Nasaf” jamoasida mazmunliroq o‘yinning borligi bilinib turibdi.

“Navbahor”da kuchli va saviyali futbolchilar yig‘ilgani bilan bir yilning ichida natija ko‘rsatish ham oson ish emas. Finalga yetib kelishni o‘zi bo‘lmaydi. Menimcha, oxirgi marta 1998 yili finalda o‘zimiz o‘ynagandik. O‘sha paytda g‘olib chiqqandik. Shundan beri oradan ko‘p yillar o‘tdi. Bu safar finalga chiqishni uddalashdi. Albatta, g‘alabani kutgandik. Ammo nasib qilmadi. Futbol shunaqada, har doim sizni aytganingiz bo‘lavermas ekan.

“Navbahor”ga nima yetishmadi? Hujum chizig‘idagilarga yaxshi darajada qo‘llab-quvvatlov yetishmagandir. Himoyaning chap qanotiga Golbanni to‘la mos tushmagani o‘sha joyni to‘liq qoplab berdi, deb ayta olmayman. Bitta chiziq bilan ayb topib bo‘lmaydi. Asosiysi, jamoaviy o‘yin va hamjihatlik bo‘lishi kerak.

Chempionatda hali umid qilsa bo‘ladi. Negaki, hozirda bu borada imkoniyat yo‘qotilgani yo‘q. “Olimpik”ni qanday kuchli jamoa ekanligini o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Yoshlar charchash nimaligini bilishmaydi. Namanganda “Navbahor”ga qanday qarshilik ko‘rsatdi? “Navbahor” bu klubga qarshi o‘z uyida shunchalik qiynalgan bo‘lsa, hali “Olimpik” o‘z maydonida “Nasaf”ni ham qabul qiladi. Bu degani balki “Nasaf” “Olimpik” maydonida ochko yo‘qotsa, “Navbahor” oldinga o‘tib ketishi hech gap emas. Shuning uchun bu masalada hali oldindan bir narsa deyish qiyin. Albatta, yutgan jamoani qo‘shaloq yutgisi keladi. “Nasaf”da ham shunday. Qaysi jamoa Kubokni yutgach, chempionatdagi chempionlik kerak emas deydi? Hammasini yutgisi keladi. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi”, - deydi G‘ofurov.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring