Prezidentga ajrashishni cheklash va teletsenzura taklif etildi. U bu bilan muammo yechilmasligini aytdi

Yunusobod tumanidagi mahalla raisining birinchi o‘rinbosari prezident bilan uchrashuvda nikohdan keyin 2−3 yil muddatga ajrashishlarni taqiqlashni va televideniyega senzura qo‘yishni taklif etdi. U «o‘zbek mentalitetiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan» deb hisoblaydigan Yor-Yor dasturini misol qilib keltirdi. Shavkat Mirziyoyev cheklash va taqiq qo‘yish bilan muammo hal bo‘lmasligini aytdi.

15 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt tumanlari hokimlari va sektor rahbarlari, Yunusobod tumanidagi mahalla raislari va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, uchrashuvda mahalla raislari va yoshlar takliflar bilan chiqishgan.

«Yunusobod» mahallasi raisining birinchi o‘rinbosari Nozima Muslimova prezidentning mahalla raislariga hurmat ko‘rsatayotganligini e’tirof etdi.

«Ma’ruzangizda va talablaringizda bosh vazirdan tortib vazirlar, bank rahbarlari bilan qattiq gaplashyapsiz, bizga kelganda esa, bizlarni ayayapsiz», — dedi u. Uchrashuvdagilar kulib, qarsak chalib yubordi.

Реклама на Unews

Nozima Muslimova soliq organlari va bank rahbarlarining tashrifi bilan tumanlardagi muammolarni yechib bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mahalla raislari o‘z ishlarini qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Bundan tashqari, mahalla qo‘mitalari xodimlari turli sohalarda o‘z malakalarini oshirishi uchun kurslar tashkil etish kerakligi aytildi. Chunki, uy bekalarini tadbirkorlikka jalb qilishga mahalla xodimlarining malakasi va bilimlari yetishmasligi mumkin.

«Yunusobod» mahallasi xodimi mamlakatda ajrashishlar soni yuqoriligini ta’kidladi. U nikoh tuzilganidan keyin ajrashishni 2−3 yilga qonun bilan cheklashni taklif etdi, chunki bir yil ichida ko‘plar ajrashib ketyapti, dedi u.

Uning ikkinchi taklifi turli xil telekanallardagi dasturlar bilan bog‘liq edi. Nozima Muslimova bolaligida televideniyeda senzura bo‘lganligini, hozir esa ko‘plab dasturlarni oila davrasida ko‘rib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Реклама на Unews

«Yoshlarning saviyasini, ma’naviyatini oshiradigan dasturlar kam. Hammasi oshpazlikka, qaynona va kelinga bag‘ishlangan, „Olov kelin“ dasturi bor. Shu darajaga keldikki, hozir o‘zbek mentalitetiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan Yor-Yor dasturi bor. Qizlar keladi, o‘zini taklif qiladi, yigitlar o‘tirib tomosha qilishadi, keyin o‘zining fikrini berarkan: oladimi, sovchilikka boradimi yoki bormaydimi», — dedi u.

Zo’r TV kanalidagi Yor-Yor dasturidan lavha.

Ishtirokchilar kulgusi ostida prezident dastur qaysi kanalda chiqishini so‘radi.

Nozima Muslimova Yor-yor dasturi Sevimli TV yoki Zo’r TV telekanalida chiqishini aytdi. Prezident yonida o‘tirgan Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev dastur Zo’r TV da chiqmasligini aytdi (aslida, dastur Zo’r TV telekanalida chiqadi — tahr.). Ishtirokchilar kulib yubordi va qarsak chaldi.

Prezident munosabati

Shavkat Mirziyoyev ajrashishlar O‘zbekiston urf-odatlariga yarashmasligini, «madaniyat va shukronalik» yetishmasligini, ko‘plab yoshlar dunyoga «yengil» qarashyotganligini ta’kidladi. Lekin ajrashishlarni qonun bilan cheklab qo‘yish «qiyin» bo‘lishini aytdi.

Xususiy telekanallardagi dasturlarga to‘xtalib, ularning yopilishi bilan muammo yechilmasligini ta’kidladi.

«Bularning barchasining tagida 20 yil bilimga e’tibor bermaganimiz… nega televideniyeda shuni ko‘rsatadi? Nimaga desangiz boshqa dastur qila oladigan odamlarning o‘zi yo‘q. Hozir men topshiriq bersam, darrov ilgarigidek yo‘q qilib tashlaydi. Lekin uning o‘rniga keladigan yo‘q, boshqa ko‘rsatuvni tayyorlaydigan odamlarning o‘zi yo‘q», — dedi u.

Prezident mahalla qo‘mitalari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha taklifni qo‘llab-quvvatlab, «hozirgi talablarga javob beradigan mahalla raislari juda kam"ligini ta’kidladi va shuning uchun ularni o‘qitish kerakligini aytdi.

2020 yilning martida Shavkat Mirziyoyev ajrashishlar to‘g‘risida fikr bildirgandi: u oddiy maishiy sabablarni deb shunday jiddiy oqibatlar kelib chiqayotganligiga achinishini va muammoli oilalardagi vaziyatni o‘rganib, ijobiy hal qilishga ko‘rsatma bergan edi. Davlat rahbari mahallalarda oilaviy hayotga tayyorlash uchun qisqa muddatli kurslar tashkil etishni va ularga psixologlar biriktirilishi kerakligini, hamda «Na’munali oila» tanlovi o‘tkazilishi kerakligini aytgan edi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring