Prezident: Koronavirusga qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishi avvalida bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to`xtalib o`tildi, deb yozmoqda "Darakchi.uz" nashri.

COVID-19 pandemiyasini jilovlash yo`lida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar haqida gapirar ekan, davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

- Xabaringiz bor, mamlakatimizda koronavirusga chalinganlar soni ko`payib borayotgani munosabati bilan biz karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur bo`ldik.

Реклама на Unews

Nega deganda, ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, ko`zga ko`rinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq o`z yurtini, o`z aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni ko`radi. Eng avvalo, xavf-xatarning yo`lini berkitadi, temir intizom o`rnatadi.

Qat`iy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga o`tadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Реклама на Unews

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o`z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o`rganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

O`zimiz ko`ryapmiz, dunyoda qaysi davlatda tibbiy madaniyat, tartib-intizom kuchli bo`lsa, o`sha mamlakat pandemiyadan eng kam talofat bilan chiqmoqda.

Biz ham shu yo`ldan borishimiz shart. Albatta, o`tgan 4 oy davomida odamlarimiz ko`p narsaga o`rgandi. Bizda ham ma`lum bir tajriba paydo bo`ldi.

Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va engil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qo`llashni talab qilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

Shu maqsadda, [Bosh vazir o`rinbosari Behzod] Musaev, [Sog`liqni saqlash vaziri Alisher] Shodmonov bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko`rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o`z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qaerda zarur bo`lsa kuchaytirishi, qaerda zarur bo`lsa yumshatishi lozim.

Barcha ehtiyot choralarini ko`rgan holda, imkoniyat mavjud bo`lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak.

Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tig`iz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham ko`p.

Bu erlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qo`li-qo`liga tegmaydi.

Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga etkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning o`n kunini boqadi.

Hech kimga sir emas, bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi o`ringa chiqadi.

Chunki koronavirusni engish ham, xalq farovonligini ta`minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham avvalo shunga bog`liq.

Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak.

Fursatdan foydalanib, bugun dalalarda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarimizga, sohibkor bog`bonlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, ularga kuch-g`ayrat, mo`l hosil tilaymiz.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib, kerak joylarda karantin talablariga to`la itoat etishimiz zarur.

Hammamiz oilamiz, farzandlarimiz, muhtaram nuroniylarimizning sog`ligi uchun yana ozgina chidashimiz, karantin qoidalariga qat`iy amal qilishimiz shart.

Ozgina chidasak, bu kunlar hademay o`tib ketadi.

“Sabr qilgan murodga etar”, deydi xalqimiz.

Ishonchim komil, har bir ishni etti marta o`ylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib o`tib, o`zining ezgu maqsadlariga albatta etadi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring