“O`zbekneftgaz”: Gazlida neft va gaz konlaridagi quvurlarni o`g`irlayotgan to`rt nafar shaxs qo`lga olindi

Ayni paytda “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig`i bilan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmini ko`paytirish maqsadida konlardagi ma`nan eskirgan quvurlarni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Respublika aholisini tabiiy gazga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarning qizg`in pallasida, afsuski ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarini o`g`irlashga urinish holatlari uchrab turibdi.

Joriy yilning 8 sentyabr kuni Buxoro viloyati Qorako`l tumani “Uchqir”-“Qumli” yo`nalishida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Andaqli” koniga qarashli 7-sonli quduq oldida turgan 4 dona D89 mm.li, 1 dona 10 metrli temir quvurlari noma`lum shaxslar tomonidan o`g`irlab ketilgan. Bu haqda Boshqarma boshlig`i Xislat Nazirov zudlik bilan Buxoro viloyati Qorako`l tumani IIBga xabar bergan.

Реклама на Unews

Ushbu o`g`irlik voqeasidan so`ng, “O`zbekneftgaz” AJga qarashli konlar va quduqlardagi talon-tarojliklar hamda o`g`irliklarni oldini olish uchun qo`riqlash ishlarini olib boruvchi O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga qarashli Buxoro viloyati Qo`riqlash boshqarmasi Romitan tumani bo`limi xodimlari bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi mas`ul xodimlaridan iborat guruh tashkil qilinib, maxsus qo`riqlash-qidiruv tadbiri o`tkazilgan.

Ana shu tadbir jarayonida yana bir sodir bo`lishi mumkin bo`lgan o`g`irlikning oldi olindi, ya`ni “Kulbeshkak-Doyaxotin” yo`nalishi hududi cho`llarida 4 nafar fuqaro I.O., K.H., B.H., O.T. gaz quvurlarini kesib olishayotgan vaqtida ushlanganlar.

Hodisa ro`y bergan vaqtda gaz quvurlari ortilgan avtoransport vositasi ham borligi ma`lum bo`lgan hamda surishtiruv davomida ular quvurlarini shaxsiy ehtiyojlari uchun kesib olishayotganliklarini bildirishgan.

Реклама на Unews

Ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarining o`zboshimchalik bilan kesib ketilishi, aholiga etkazib beriladigan yoki qayta ishlashga yo`naltiriladigan tabiiy va suyultirilgan gazning yo`qotilishiga sabab bo`lmoqda.

Ular tomonidan kesib ketilgan nuqtalarni berkitish va ta`mirlash uchun qurilmalarning to`xtalishi esa ko`p miqdorda tabiiy va suyultirilgan gaz yo`qotilishiga sabab bo`lishi barobarida, mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar etkazmoqda.

Aniqlangan holatlar yuzasidan to`plangan hujjatlar va ashyoviy dalillar chora ko`rishlik uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Ta`kidlanishicha, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga ko`ra, o`g`irlik jinoyati “...neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo`lsa”, besh yildan sakkiz yilgacha muddatda ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring