"O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xodimi tamagirlik qildi

Umid Bektemirov “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Farg‘ona viloyat bo‘limida mehnat kelishuvi asosida inspektor vazifasida ishlardi. Uning xizmat vazifasiga to‘y, kafe, barlar va boshqa ko‘ngilochar joylarda lisenziyasiz konsert faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni aniqlab, ularning lisenziya olishi uchun tegishli tartibda ma’lumotlar tuzish, bu borada monitoring tadbirlarini o‘tkazib, lisenziyasiz faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarni ogohlantirishdan iborat edi. U.Bektemirovning o‘zi mustaqil ravishda hech qanday qaror qabul qilish huquqiga ega emas, faqatgina aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining Farg‘ona viloyat bo‘limiga xabar berish lozim bo‘lardi, xolos.

Ammo o‘tgan yilning noyabr oyida Oltiariq tumanidagi xonadonlardan birida o‘tayotgan to‘yda xizmat qilyoatgan mahalliy xonanda D.Rahimovning yoniga borib, o‘zini tanishtiradi. To‘yda D.Rahimov lisenziyasiz musiqiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotganini aniqlaganini, unga 7 kun ichida lisenziya olish uchun hujjatlarni bo‘limga taqdim etishi, aks holda javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirdi.

Lekin ushbu ogohlantirish ortida uning o‘z manfaati mavjud edi.

Реклама на Unews

Ertasi kuni ular Oltiariq tumani markazida uchrashganida, U.Bektemirov o‘zini go‘yoki D.Rahimovga yaxshilik qilmoqchi bo‘layotgandek qilib ko‘rsatib, musiqachilik yo‘nalishida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi ruxsatnoma (lisenziya) olib berishini, buning uchun bo‘lim boshlig‘iga 500 ming so‘m va davlat bojiga to‘lov uchun 446 ming so‘m miqdorda pul berishi lozimligini aytib, uni aldab, pora berishga dalolat qildi.

Biroq, D.Rahimov hozircha lisenziya olish uchun bunday imkoniyati yo‘qligini, biroz muddat berishini so‘raganida U.Bektemirov ko‘nmadi. Xonanda holat bo‘yicha huquqni muhofaza etuvchi idoralarga ariza bilan murojaat etdi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Oltiariq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda U.Bektemirov aldov yo‘li bilan D.Rahimovdan Farg‘ona shahar Xo‘jamag‘iz mahallasidagi umumiy ovqatlanish oshxonasida kimyoviy ishlov berilgan 950 ming so‘m pullarni olgan vaqtida ushlandi va ushbu pullar undan xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olindi.

Реклама на Unews

O‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, pora berishga dalolat qilgan U.Bektemirovga jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi hukmi bilan tegishlicha jazo qo‘llanildi. 1 yil muddatga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring