BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

O‘zbekistonda uzumchilikni rivojlantirish uchun 44 ta tuman tanlab olingan — Prezident uzumchilik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Prezidenti raisligida bugun, 7 iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlash, ipakchilikni yanada rivojlantirish hamda hududlarda ekoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

“Bugun uzumchilik sohasidagi mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha, muhim vazifalarni gaplashib olishimiz zarur. Avvalo, barchamiz bir masalani yaxshi tushunib olishimiz kerak. Uzumchilik — xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanadi, qolaversa, xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarimiz bilan bevosita bog‘lanib ketgan”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik mirishkor dehqonlar yetishtirgan husayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarning dovrug‘i dunyo davlatlariga ma’lum.

Xabarga ko‘ra, keyingi yillarda uzum mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib, uzumchilik sanoati rivojlanmoqda. Shu bois, tarmoq mo‘may daromad manbaiga aylandi. Shundan kelib chiqib, so‘nggi to‘rt yilda 52 ming gektarda yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Natijada, meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 barobarga ko‘paydi.

Bugungi kunda 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilib, bu plantatsiyalarda 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi ta’minlangan. Davlat rahbari asosiy mahalla odamlarning ish haqini ko‘paytirish ekanini aytib, shu maqsadda 44 ta tumanni uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha eksperiment sifatida tanlab olinganini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda jahon bozorida xo‘raki uzumga talab ortib borayotgani, mayiz va tabiiy vino mahsulotlari ham xaridorgir ekani, shu bois, bugun mamlakatda uzumchilikni ilg‘or tendensiyalar asosida rivojlantirish zarurligi, bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilinmoqda.

Fikr qoldiring