O‘zbekistonda saratonni 99 foiz davolovchi dori yaratilgani rad etildi

Avvalroq, o‘zbek olimlari tomonidan onkologik kasalliklarni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur ma’lumot yuzasidan bayonot berib, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Aytilishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin o‘smalar diagnostikasi va muolajasida qo‘llaniladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov ushbu dori haqida ma’lumot berib, bu preparat vaqtinchalik vosita ekanini aytib o‘tgan.

Реклама на Unews

“Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazlanish jarayonidagina ishlatiladi. Bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi”, deydi u.

Qayd etilishicha, preparat shu kungacha mamlakatimizdagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qo‘llanilgan hamda mutaxassislar fikriga ko‘ra, xasta insonlarda o‘sma o‘choqlari (metastazlar) va ularni bezovta qilayotgan og‘riqlar sezilarli darajada kamaygan. 

Shu bilan birga, har qanday yangi dori vositasi amaliyotda foydalanilishidan toki samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, o‘rganishlar olib borilishi va samaradorligi to‘g‘risida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etilishi qo‘shimcha qilingan. 

Реклама на Unews

“Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini to‘liq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas. Shundan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalaridan insonlar hayoti bilan bog‘liq bu kabi muhim yangiliklarni jamoatchilikka yetkazishda e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring