O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish uchun nima qilish kerak?

O‘zbekistondagi kambag‘allik — oxirgi chorak asrda juda sekin iqtisodiy o‘sishning natijasi. Ya’ni kambag‘al aholi borligini birdan bir sababi — sust iqtisodiy o‘sishdir,  deb yozmoqda "Sof.uz" nashri.

Bu degani kambag‘allikka qarshi kurashish ham, aynan iqtisodiy o‘sishga qaratilishi kerak. Bizdagi kambag‘allik bu anomal natija emas. Yiliga kishi boshiga daromadi 2 ming dollardan kam bo‘lgan mamlakatda kambag‘allik yuqori darajada bo‘lmasligi hatto nazariyada ham mumkin emas. Shuning uchun ham umumiy iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiladigan narsalar haqida qayg‘urishimiz kerak.

Bu degani, biz kambag‘allikni qisqartirishimiz uchun alohida dasturlar o‘ylab chiqishimiz shart emas, asosiy urg‘uni iqtisodiy o‘sishga qaratsak bas. Lekin xuddi shu g‘oya barcha mamlakatlarga taalluqli emas, masalan AQShda kambag‘allikka qarshi kurashish uchun qilinishi kerak bo‘lgan choralar umuman boshqacha.

Реклама на Unews

Men odatda erkin savdo, adolatli xususiylashtirish, antimonopol qonunlar, mulk dahlizligini ta’minlanishi, adolatli va professional sud tizimini tuzish, davlat moliyasi shaffofligini ta’minlash, parlamentga fiskal (soliq va byudjet) qarorlarni qabul qilishiga vakolat berish, davlatning iqtisodiyotga regulyator aralashuvini kamaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi haddan tashqari katta o‘rnini kamaytirish, Markaziy Bankni qog‘ozda emas amalda mustaqilligini ta’minlash, bank-moliya tizimini isloh qilish va bank sohasidan davlat o‘rnini keskin kamaytirish, ma’muriy islohotlar qilinishi, subsidiya va imtiyozlardan voz kechish, statistika va axborotlar erkinligini ta’minlash, iqtisodiyotni planlashtirishdan voz kechish, insonlar va pullar chegaralarni bemalol bosib o‘tishi ta’minlash haqida ko‘p yozaman.

Shularning barchasida asosiy g‘oya bu iqtisodiy o‘sish. Ya’ni islohotlar butun iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi va buning natijasida kambag‘allik ham kamayadi. Aytish kerakki, agar biz o‘rtacha dunyo YaIMdan sekinroq o‘sishni davom ettirsak, yetib olishimiz qiyin bo‘ladi.

Pandemiyadan oldingi o‘rtacha dunyo daromadi 11 ming dollar atrofida (2018) edi, kishi boshiga esa dunyo 1.9% o‘sib kelayotgan edi. Bu degani dunyodagi o‘rtacha daromad 210 dollarga o‘sib kelayotgan edi.

Реклама на Unews

O‘zbekistonda esa 2018 yilda kishi boshiga o‘sish 3.3 foizni tashkil qildi, YaIM esa 1532. Bu degani, bizda o‘rtacha kishi boshiga daromad yiliga atigi 47 dollarga ko‘paydi. Agar dollarni konstanta deb olsak, dunyodagi o‘rtacha daromadning o‘sish surati bizning o‘rtacha daromad o‘sish suratidan deyarli 5 ko‘proq edi.

Bu 2018 yilning raqamlari — yangi tariximizda deyarli eng tez o‘sgan yilimizni misol qilib keltiryapman, ya’ni eng yaxshi yilimizda ham nisbatan sekin o‘sib kelganimizni ko‘rsatish uchun (menga 2008-2016 yillarni misol qilmang, de-fakto o‘sish o‘sha payt sust bo‘lgan, raqamlar chizilgan).

Xulosa shuki, bizni sharoitda kambag‘allikni qisqartirishini deyarli yagona yo‘li, kerakli, balki juda og‘riqli va ko‘p siyosiy irodani talab etuvchi islohotlarni amalga oshirish. Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmasak, hozirgi kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan urinishlar, resurslarni bir joydan ikkinchi joyga yo‘naltirishga o‘xshaydi. Chunki oxir-oqibat iqtisodiyotda resurslar ko‘payib qolmaydi.

Iqtisodiyotda resurslar ko‘payib qolishi uchun qo‘shimcha qiymat yaratilishi kerak. Qo‘shimcha qiymat yaralishi uchun insonlar o‘zlarining mehnatlari mevasi o‘zlarining qo‘lida ekanligiga qog‘ozda emas, haqiqatda ishonch hosil qilishlari talab etiladi. Boshqacha qilib aytsak, mulk dahlizligi ta’minlangan, ochiq raqobat va erkin savdo mavjud bo‘lgan, qonundan ustuvor va noformal tartiblar bo‘lmagan, kelishmovchiliklar adolatli va professional sud orqali hal bo‘ladigan jamiyatlarda insonlar o‘zlarining mehnatlarini mevasi o‘zlarini qo‘lida ekanligiga ishonishadi. Ya’ni ana shunday jamiyatda qo‘shimcha qiymat yaratiladi. Bizda ham shunday bo‘lishi uchun hamma biladigan institutsional islohotlarni amalga oshirish talab etiladi.

Oxirgi payt Bill Isterlini kambag‘allik haqida yozgan maqolalaridan ilhomlanib qilgan xulosam shu.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring