O‘zbekiston virus tarqalishining eng yomon ssenariysiga ham tayyormi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov Kun.uz tahririyatida bo‘lib, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat yuzasidan qator savollarga  javob berdi, deb yozmoqda  "Zamin.uz" nashri.

– Kasallikning ikkinchi to‘lqini yoyilishiga sabab nima? Chetdan olib kelinayotgan fuqarolar hammasi karantinga olinayotgan bo‘lsa, kasallik chiqishiga, ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda?
– Dastlabki holat bizda 15 mart kuni aniqlandi. Lekin shundan biror bir kun bo‘lgani yo‘qki, kasallik aniqlanmagan bo‘lsa.
Epidemik jarayon ishlashi kerak. Epidemik jarayon nima? Bu – kasallik manbayining borligi, yuqish yo‘lining borligi va yuqtirib oluvchi shaxsning borligi. Mana shu uchala bo‘g‘imning birortasi bo‘lmaydigan bo‘lsa, kasallik ham bo‘lmaydi, bir odamdan ikkinchi odamga yuqmaydi.

Biz kasallik dastlab aniqlangan kundan to bugunga qadar kasallanish ko‘rsatkichini kamaytirishga erishdik, lekin epidemik jarayonni buzib tashlay olmadik. Shuning uchun men shu paytgacha juda ko‘p tilga olinayotgan kasallikning ikkinchi to‘lqini degan fikrga unchalik qo‘shilgim kelmayapti. Negaki biz hali birinchi to‘lqinni uzib yubormadik. Hali birinchi to‘lqinning harakatlanuvchi kuchi bor. Yo manba bor, yo yuqish yo‘li bor, yo yuqtirib oluvchilar bor.

– Bizda aholi orasida kasallik o‘chog‘i paydo bo‘ldi, deb ayta olamizmi?
– Albatta, ayta olamiz. Negaki, keyingi 10 kun ichida aholi orasida kasallik qayd etilyapti. Karantinda bo‘layotganlar, charter reyslarda olib kelinganlar orasida ko‘plab qayd etilyapti, lekin oddiy aholi orasida ham kasallik qayd etilyapti.

Savol bo‘lishi mumkin: Nega? Axir biz chetdan kelganlarni hammasini karantinga olgan bo‘lsak, kasallik manbayini jilovlab qo‘ygan bo‘lsak, aholining ichida qayerdan keldi?

Biz birinchi bemorni 15 martda aniqladik. Lekin 14, 13 yoki 10 martda qancha odam kasallik bilan kirib kelganini biz bilmaymiz.
O‘sha birinchi bemorni aniqlagan paytimizda ham atrofimizda bemorlar bor edi. Buni biz inkor qilishga haqqimiz yo‘q.

Karantin, cheklov tadbirlarini kuchaytirdik. Kamida 50 kun juda qattiq karantin tadbirlari joriy qilindi. Bu tadbirlar 15 martdan 10 maygacha juda yaxshi ushlandi. Nazarimda, biz o‘sha davrda kasallikka chalingan, ammo belgilari to‘liq namoyon bo‘lmagan yoki kasallik yengil kechayotgan odamni ham uyida ushladik, ko‘chaga chiqqani yo‘l qo‘ymadik. Demak, biz kasallik o‘chog‘ini uyimizda jilovlab turdik.

10 maydan keyin karantin birmuncha yumshashi aholining katta tezlikdagi faolligiga sabab bo‘ldi. Haddan ortiq faollik, muloqotlarning ortib ketgani natijasida biz vaqtinchalik uyda qamab turgan kasallik o‘chog‘i ko‘chaga chiqib ketdi. Shuning uchun ham kasallikka chalinganlar aholi orasida qayd etilyapti.

– Hammani uzoq vaqt uyda ushlab o‘tirib bo‘lmaydi. Hamma ham yaxshi moddiy imkoniyatga ega emas. Shu kasallik bilan birga yashashga o‘rganimiz kerak...
– Men anchadan beri bir fikrni o‘ylab yuribman. Dunyo statistikasi, har kuni qayd etilayotgan bemorlar sonidan kelib chiqib, shunday fikrdamanki, umumiy kasallanganlar soni 10 milliondan ortganda ham biz hali pandemiyani yenggan bo‘lmaymiz.
Biz mana shu kasallik avj olgan muhitda yashashga, hatto virus bilan qo‘shnichilik qilishga, shunday sharoitda o‘zimizni sog‘lom saqlab qolishga o‘rganishimiz kerak bo‘ladi.

– Xabaringiz bo‘lsa kerak, 25 may kuni Izboskan tumanida ommaviy tadbir o‘tkazildi. Nima uchun tadbir tashkilotchilari jazolanmadi? Yoki qonunlar mansabdorlarga kelganda ishlamaydimi?
– Andijon viloyatining Izboskan tumanida «Salomatlik uchun besh ming qadam» degan tadbir uyushtirilgan. Eshitishimga qaraganda, bu tadbir yana bir tumanda bo‘lgan. Bu tadbir bo‘yicha tegishli munosabat bildirildi.
Birinchidan, menimcha, tadbir tashkilotchilari karantin bir muncha yumshatilganini bekor qilindi darajasida qabul qilgan bo‘lsa kerak.

Tashkilotchilar qanday jazo olganidan xabarim yo‘q. Buning uchun albatta qandaydir chora ko‘rilgan bo‘lishi kerak, men bunga aniqlik kiritishga harakat qilaman. Tadbir o‘tkazilgani zahoti keskin muhokamaga sabab bo‘ldi, natijada tadbir tashkilotchilari mas’uliyatni his qilgan holda qaytib bu kabi tashabbuslar bilan chiqmaslikni o‘zlariga maqsad qilib oldi.

Bu – boshqa paytda o‘tkazilsa, aholi tomonidan iliq kutib olinadigan tadbirlar sirasiga kirardi. Lekin aynan koronavirus avj olib turgan paytda bu kabi tadbirlarning tadbir etilishi, albatta, keskin qoralanadi. Bunga zinhor yo‘l qo‘yish kerak emas.

– Koronavirusga chalinganlar nega shahar va tumanlar kesimida ochiqlanmayapti? Masalan, bu viloyatda bugun shuncha yangi holat aniqlandi, deyilyapti xolos. Kasallar qaysi tuman, qaysi mahalla, qaysi ko‘chadan chiqqanini e’lon qilish foydali emasmi?
– To‘g‘ri, foydali. Men buni inkor qilmayman.
[Avvaliga] ikkita institut misolida gapirdik – Virusologiya ilmiy tekshirish instituti hamda Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar institutidagi bemorlar haqida gapirdik. Keying unga Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi qo‘shildi.

Keyinchalik biz bu yo‘sindagi aholiga axborot yetkazish shaklidan voz kechdik va hududlarni jamlagan holda aholiga yetkazishga o‘tdik. Lekin aytgan fikringiz keyingi paytlarda amaliyotimizda qo‘llanilyapti. Masalan, bugun ham ertalab ketdi, oxirgi aniqlangan 36 bemorning 3 nafari aholi orasida aniqlangan. Ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, degan axborot ketdi (suhbat 4 iyun kuni yozib olingan – tahr.).

Kuni kecha esa Yashnobod tumanida, undan oldin Yunusobod tumanida, undan oldin «O‘rikzor»da aholi orasida kasallik qayd etilgani to‘g‘risida axborot yetkazdik. Kuni kecha brifingda savol kelib tushgan paytda do‘konchi qaysi do‘konda, Yunusobodning qaysi dahasida yashashi haqida ham savollar kelib tushgan edi.

Demak, aholimiz hushyor, sergak bo‘lishi uchun bu ma’lumotlarni yetkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

– 30 may kuni «yashil», «sariq» va «qizil» hududlar ro‘yxati e’lon qilingan edi. Ayting-chi, bir necha kun oldin koronavirus chiqqan Shofirkon va Izboskan tumanlari nega «yashil» toifaga kiritildi?
– Hududlarni «yashil», «sariq», «qizil» toifalarga ajratib chiqish – agentlikning vazifasi (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi nazarda tutilmoqda – tahr.). Bu vazifa agentlikka yuklatilgan.

Agentlik kasallanish ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda hududlarni «yashil», «sariq», «qizil» hududlarga taqsimlab chiqadi. Lekin Respublika komissiyasi qarori har kuni chiqmaydi. Ba’zan hudud e’lon qilingani bilan, u hudud Respublika komissiyasi bayonnomasida hali aniq o‘z aksini topmagan bo‘lishi mumkin. Lekin bitta viloyat hududida, masalan, Buxoro viloyatining o‘sha ikki tumanida bevosita kasallik aniqlangach, bir kundan keyin hudud rangi o‘zgarmagan holda qolgani – hududning rangi o‘zgarmasdan qolishi nuqtayi nazaridan emas, hali rasman Respublika komissiyasi bayonnomasiga bu hudud «qizil» deb kiritib ulgurilmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

– Navoiy viloyatida 5ta kasallik o‘chog‘i bor, deb e’lon qilindi. Lekin 30 may kuni faqat Zarafshon shahri «qizil» toifaga kiritildi. Buni qanday izohlash mumkin?
– Navoiy viloyatida beshta hududda kasallik qayd etilgani aniq. Mana shu hududlarda bir-biriga bog‘liq holatda kasallik qayd etilgan. Kasallik qayd etilgan hududlarni albatta «qizil» toifaga kiritish kerak.

Men, umuman olganda, hududlarni rang asosida toifalashni aniq bir vaziyatda aniq bir hudud haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun foydalaniladigan mezon deb hisoblagan bo‘lardim. Negaki bu ranglarning hech qanaqa ahamiyati yo‘q, eng asosiysi biz qisqa vaqt ichida konkret hududdagi haqiqiy vaziyatni ilg‘ab olishimiz uchun ishlatiladigan simvolik holat sifatida qarash kerak. Lekin viloyat hududida bitta bo‘lsa ham kasallik o‘chog‘i bormi, demak o‘sha viloyat sergaklikni yo‘qotmasligi kerak.

– O‘zbekiston eng yomon ssenariyga ham tayyormi?
– O‘zbekiston Respublikasi hozirgidan og‘ir ssenariyga ham tayyor. Nega bunday deyapman? Hozir O‘zbekistonda kasallanish ko‘rsatkichi har yuz ming aholiga 11 nafarni tashkil qiladi.

– Hozirda turli hududlarda aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari aniqlanyapti. Nazarimda, kasallik yuqish zanjiri yo‘qotilgandek.
– Ming afsuski, ba’zi holatlarda kasallik manbayini topa olmayapmiz.
Deylik, mana «O‘rikzor»da kasallikka chalingan odam aniqlandi. Undan Yunusoboddagi do‘kondagi odamga kasallik yuqdi. Lekin «O‘rikzor»dagi odamga kasallik qayerdan yuqqan?

Odamlar kim bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa, hammasini karantinga olib, tekshirish ishlarini amalga oshiryapmiz. Lekin O‘zbekistonda hammasi bo‘lib 15-16ta holatda konkret shaxsga kasallik aynan qayerdan yuqqanini aniqlash imkoniyati bo‘lmagan.

Qamrab olgan aholimiz ichida sog‘lom odamlar qancha ko‘p bo‘lsa bo‘lsin, lekin eng asosiysi biz o‘sha orqali asosiy manbaga chiqish imkoniyatimiz borligini unutmasligimiz kerak.

– Demak, ko‘chadagi har qanday kishida koronavirus bo‘lishi mumkin?
– Buni inkor qilishga haqqimiz yo‘q. Har birimiz ko‘chaga chiqish orqali o‘zimizni xavf ostiga qo‘yamiz. Negaki biz ko‘rishgan, biz muloqotda bo‘lgan, yonimizda turgan odamda kasallik bor bo‘lishi mumkin.

Bizda kasallik kimdan yuqqani aniqlanmagan holatlar bormi, demak, bu xavotir borligini unutmasligimiz kerak.

Rahmatilla Isroilov suhbatlashdi

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring