BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

O‘zbekiston nega ko‘p oltin sotmoqda? Markaziy bank raisi izoh berdi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov joriy yilda rekord darajada bo‘lgan oltin eksporti mamlakat iqtisodiyotiga qay tarzda yordam bera olgani haqidagi savolga javob berdi, deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

«Oltin narxining jahon bozoridagi o‘zgarishi 30 foiz atrofida kuzatilgan bo‘lsa, iqtisodiyotimizga 30 foiz qo‘shimcha daromad kirdi. Ishlab chiqaruvchilarimiz bugungi kungacha 24 trillion so‘m qo‘shimcha daromad oldi.

Oltinni sotish, sotib olish masalasida «O‘zbekiston bir oyda shuncha oltinni sotib yubordi» degan fikrlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qib qolaman. Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Bu Markaziy bankning siyosati. Bizning maqsadimiz oltinni jahon bozori narxida o‘sha oyda ishlab chiqaruvchidan sotib olish. Uni sotishdan maqsadimiz esa, bizning o‘z prognozlarimiz borligi bilan bog‘liq. Narx ko‘tarilganida biz uni sotib, ma’lum jihatdan iqtisodiyotimizga, eng avvalo Markaziy bankka, Markaziy bank orqali iqtisodiyotga qo‘shimcha daromad olishni maqsad qilamiz.

Lekin buni eksport bilan bog‘lash ma’lum jihatdan sal noto‘g‘riroq. Eksport haqida gapirganimizda doimo Markaziy bankda ham, hukumatda ham xo‘jalik sub’ektlarining bevosita qilgan eksporti to‘g‘risida gaplashamiz.

Agar oltin narxi tushib ketsa va biz keyinchalik oltin narxi ko‘tarilishini kutadigan bo‘lsak, ya’ni shuni tahlil qilayotgan bo‘lsak, oltin ham sotib olamiz. Bu Markaziy banklarning bajaradigan normal holati.

Biz oltin-valyuta zaxiramiz tarkibini o‘zgartirib turish vakolatiga egamiz va buni mustaqil ravishda ajratamiz. Agar oltin narxi jahon bozorida tushib ketadigan bo‘lsa va biz kelgusida oltin narxi oshishini kutayotgan bo‘lsak, oltinni sotmasligimiz ham mumkin. Bu degani bizning oltin-valyuta zaxiramizning umumiy hajmi o‘zgarmaydi, faqat tarkibi o‘zgaradi. Oltin qismi ko‘payadi, valyuta qismi kamayadi. Shunday tamoyil bilan Markaziy bank o‘z ishini tashkil qilgan», deya Markaziy bank raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston 2020 yilning iyul oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda mutlaq yetakchi bo‘lgan, mamlakat 11,6 tonna oltin sotgandi.

Sentyabr oyi boshlarida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari may oyidan buyon birinchi bor qisqargandi. Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 1 sentyabr holatiga ko‘ra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar – 33,8 milliard dollarni tashkil etgandi. Pandemiya davrida O‘zbekiston o‘z oltinlarini faol sotishi kuzatildi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgandi.

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentyabr oyiga nisbatan 1,2 milliard dollarga kamayib, 1 oktyabr holatiga ko‘ra 33,4 milliard dollarni, xalqaro zaxiralari 32,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston 5,8 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yanvar–sentyabr oylariga nisbatan o‘sish 45,7 foizni tashkil etgan. 2020 yil yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston eksport tarkibida oltinning ulushi 46,5 foizga teng bo‘ldi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring

Fikr qoldiring