O‘zbekiston koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan o‘tib ketdi

O‘zbekiston koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar eng ko‘p qayd etilgan davlatlar orasida Xitoyni ortda qoldirdi va 95-o‘ringa chiqib oldi. Hozirda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanish holatlari rasman 103 813 nafarga yetgan. COVID-19 paydo bo‘lgan Xitoyda esa kasallanganlar soni 103 380 nafarni tashkil etmoqda.

Kasallikdan vafot etganlar soni O‘zbekistonda 708 nafarni tashkil etsa, Xitoyda bu ko‘rsatkich deyarli 7 barobar ko‘p — 4846 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda COVID-19 bilan kasallanganlar soni qariyb 176 million kishiga yetgan. Koronavirusga chalinganlarning 80 millioni AQSH (33,4 million), Hindiston (29,5 million) va Braziliya (17,4 million) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. COVID-19 qayd etilganlar soni bo‘yicha o‘nlikda Fransiya (5,8 million), Turkiya (5,3 million), Rossiya (5,1 million), Buyuk Britaniya (4,5 million), Italiya (4,2 million), Argentina (4,1 million) va Kolumbiya (3,7 million) ham bor.

O‘zbekistonning qo‘shnilari orasida Qozog‘istonda 458 ming, Qirg‘izistonda 110 ming, Afg‘onistonda 89 ming, Tojikistonda 13 ming kishi kasallikka chalingan. Turkmanistonda esa rasman COVID-19 bilan bog‘liq bironta ham holat tasdiqlanmagan.

Butun dunyo bo‘yicha koronavirus qurbonlari soni 3,8 million kishidan oshdi. Kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha ham AQSH (599 ming), Braziliya (487 ming) va Hindiston (374 ming) yetakchilik qilmoqda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring