OTMlarda anʼanaviy taʼlim boshlanishi mumkin? Faqat...

Maʼlum shartlar bajarilganidan soʻng talabalarning OTMga qaytishi kutilmoqda.

Kecha, 17 oktyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev rahbarligida oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlarni tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati. 

Yigʻilishda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov bugungi kunda OTMlarda masofaviy taʼlimning olib borilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisida, mavjud muammolar va ularning yechimlari borasida vazirlik tomonidan koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot bergan.

Реклама на Unews

Maʼlum qilinishicha, muhokamalarda OTMlarda anʼanaviy taʼlimga qaytish imkoniyatlari masalasi ham koʻrib chiqilgan va bu boʻyicha OTM rektorlariga qator vazifalar belgilab berilgan.

Jumladan, oliy taʼlim tizimida anʼanaviy darslarga qaytishda, avvalo, talabalar va ularning ota-onalari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkaziladi. Shuningdek, OTM tomonidan muassasa imkoniyatlari tahlil qilinadi, sanitariya-epidemiologiya talablari asosida oʻquv jarayonlarini tashkil etish, talabalar salomatligini xavf ostiga qoʻymasdan talabalar turar joylari faoliyatini tiklash imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

Bu borada yakuniy qaror oliy taʼlim muassasalari kengashi tomonidan talabalar, ularning ota-onalari takliflarini inobatga olgan holda sanitariya-epidemiologiya xizmati tegishli xulosasi asosida qabul qilinadi.

Реклама на Unews

Soʻrovnomalar natijalariga koʻra hamda OTM imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida anʼanaviy taʼlim shakliga ruxsat etiladi.

Avvalroq 7 sentyabr kuni 6 oylik tanaffusdan keyin 329 maktab oʻquvchilarni qabul qilgandi.

Maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazining xulosasi asosida mahalliy xalq deputatlari kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada 5 million 500 ming nafar ota-onadan 76 foizi taʼlim jarayonini maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy shaklda olib borish tarafdori boʻlgan, 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni maʼqul koʻrishgan.

Ayni paytda 1-bosqichga tavsiya qilingan talabalar uchun OTMlarida 3 kundan 2 haftagacha “Tanishuv darslari” tashkil qilingan.

Avvalroq Respublika Maxsus komissiyasining qarori bilan 22 sentyabrdan tibbiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatdagi bitiruvchi kurslari hamda magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) talabalari uchun anʼanaviy shaklda oʻqishlar boshlangani xabar qilingandi. 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring