«O‘qishga joylab qo‘ya­man»: Samarqandda firibgarlik fosh bo‘ldi

Shu kunlarda oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun nihoyatda hayajonli damlar kechmoqda. Hademay yetarli ball to‘plagan bilimli, iqtidorli, qobiliyatli yoshlarga omad kulib boqadi va talabalik baxti nasib etadi,  deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

Lekin «o‘qishga joylab qo‘ya­man» deguvchi, o‘rni kelganda firibning ming bir usulini qo‘llashdan toymaydigan kimsalarning ham borligini unutmaslik kerak.

Mamlakatimizda keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishning aniq mezonlari ishlab chiqildi. Endilikda ana shu mezonlar asosida talabalar kunduzgi va sirtqi bo‘limlarga o‘qishga qabul qilinmoqda.

Реклама на Unews

Bu o‘rinda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyunda qabul qilingan «Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur hujjatda bakalavriat va magistratura bos­qichiga talabalarni qabul qilishning yangi tartiblari belgilab berilgan.

Shuningdek, qarorda abituriyentlarni to‘lov-shartnoma bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilishning tartibiga oydinlik kiritilgan. Abituriyentlarni qiziqtirgan barcha savollarga ushbu huquqiy hujjatda batafsil javob berilgan, desak, yanglishmaymiz.

Jabrlanuvchi Nafisa Shoimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) abituriyentlarni to‘lov-shartnoma bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha o‘qishga qabul qilish tartiblarini yaxshi bilardi. Biroq o‘zgalarga ishonuvchanlik odamga pand berarkan. U ana shu ishonuvchanligi ortidan firibgarlarga topgan-tutganini qo‘shqo‘llab topshirib, ham moddiy, ham ma’naviy uqubatga duchor bo‘ldi.

Реклама на Unews

N. Shoimova Oqdaryo tumanidagi maktablarda bir necha yil boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Ma’lumoti oliy emasligi uning bundan keyingi pedagogik faoliyatiga to‘sqinlik qila boshlagan.

Ya’ni o‘zi ishlab turgan 56-sonli umumta’lim maktabi direktori tomonidan N. Shoimovaga ma’lumotini oliy qilmasa, kelgusida ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lishi aytilgan. Shu bois, Nafisa Samarqand davlat universitetining sirtqi ta’lim boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirish niya­tida edi.

O‘tgan yilning iyun oyida u Samarqandga malaka oshirish kursiga o‘qishga kelgan chog‘ida Toyloq tumanida yashovchi bir kishi bilan tanishib qoladi.

O‘sha odam o‘zini Boborahmat Usmonovman deb tanishtiradi. Nafisa keyinchalik bilsa, Boborahmatning familiyasi Usmonov emas, balki Irisqulov ekan. Yangi tanishining negadir boshqa familiya aytganiga o‘shanda ko‘pam e’tibor bermaydi.

Ko‘chada duch kelgan odamga ishonaverish oqibati yaxshilikka olib bormas ekan. Boborahmat Irisqulov deganlari 1966 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta maxsus, 1997 yildan buyon, ya’ni Nafisa bilan tanishguniga qadar olti marta sudlangan. Ayni chog‘da u «SHAHZODA ULUGBEK SERVIS» mas’uliyati cheklangan jamiyatida sud tomonidan belgilangan axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgandi.

O‘sha tanishuv chog‘ida Boborahmat Nafisadan «SamDUda o‘qiysizmi, ishlaysizmi?» — deb so‘raydi. Nafisa malaka oshirishga kelgani, sirtqi ta’limga o‘qishga kirish uchun hujjat tayyorlayotganini ayt­ganda, Boborahmat «O‘qishga kirishingizga yordam beraman», — deya va’da beradi.

Biroq N. Shoimova imtihonlardan o‘tolmaydi. Shundan so‘ng u B. Irisqulovga qo‘n­g‘iroq qilib, omadi kelmaganini aytadi. Shun­da B. Irisqulov «Super-kontrakt yo‘li bilan talabalikka qa­bul qilinishingiz mumkin. Men imkoniyatlar qidirib ko‘raman», — deydi.

2019 yili avgust oyining so‘ng­gi kunlaridan birida Nafisa bilan Boborahmat Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi oldida uchrashishadi. Suhbat chog‘ida Nafisa sirtqi ta’limda o‘qish uchun kontrakt to‘lovini yigirma baravardan ko‘proq — 126 million so‘m to‘lashi zarurligi, buncha puli yo‘qligidan yozg‘iradi.

— Siz 3 ming AQSh dollari bersangiz, men «SHAHZODA ULUGBEK SERVIS» mas’uliyati cheklangan jamiyati hisob raqamidan 126 million so‘mni o‘qishingizga ko‘chirib beraman, — deydi B. Irisqulov gerdayib.

Bu gapni eshitib, Nafisaning yuzi yorishadi, o‘qishga kirishga umid nishonasi paydo bo‘ladi.

— Firmaning qolgan pullarini qanday qaytaraman? — deya qi­ziqish va xavotir aralash so‘­raydi u.

— Buning yo‘li oson, — deydi Boborahmat gapida yana dadillanib. — Siz beradigan 3 ming dollarni 126 million so‘mdan chegirib tashlaymiz. Keyinchalik qolgan pullarni yil davomida firmaga bo‘­lib-bo‘lib qaytarasiz, xolos.

Xullas, Nafisa bir hafta ichida 3 ming dollar bilan universitetning to‘lov-shartnoma varag‘ini olib keladigan, Boborahmat esa, hojat chiqaradigan bo‘ladi.

Talaba bo‘lishdek shirin orzu-xayollar og‘ushida uyiga qaytgan N. Shoimova ikki bosh qoramolini bozorga chiqaradi. Keyin esa, tilla taqinchoqlarini sotadi, jami 2 ming 200 dollar yig‘adi.

2019 yil 7 sentyabr kuni soat o‘n yettilarda Samarqand shahar, Dahbed ko‘chasida joylashgan «Bank kolleji» binosi oldida B. Irisqulovga shu mablag‘ni beradi. So‘ng 16 oktyabr kuni universitet buxgalteriyasiga borib, to‘­lov-shartnoma varaqalarini oladi, ularni ham B. Irisqulovga topshiradi.

Oradan yigirma besh kun o‘tadi va 6 noyabrda ular shaharning universitet xiyobonida uchrashishadi. B. Irisqulov Nafisaga «SHAHZODA ULUG­BEK SER­VIS» mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan to‘ldirilib, rahbari S. Xolyorov imzosi qo‘yilgan va muhr bosilgan to‘lov-shartnoma varag‘i hamda mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 126 million 976 ming so‘m ko‘chirilgani haqi­dagi ma’lumotnomani beradi.

To‘lov-shartnoma varag‘i ham­da ma’lumotnomani olgan Nafisa Boborahmatga qayta-qayta minnatdorchilik bildiradi va ularni universitet buxgalteriyasiga topshiradi.

Buxgalteriyadagilar «pullar tushsin, biz sizga qo‘ng‘iroq qi­lamiz», deb qo‘l telefoni ra­qamini yozib olib qolgandi. Ammo oradan bir necha hafta o‘tsa-da, Nafisaga qo‘ng‘iroq bo‘lmaydi. Shundan so‘ng uning o‘zi universitet buxgalteriyasiga boradi.

Nafisa topshirgan to‘lov-shartnoma bo‘yicha universitet hisob raqamiga bir so‘m ham pul tushmagan ekan. Bundan taajjublangan N. Shoimova darhol B. Irisqulovga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Sizdan uzr so‘rayman, — afsus ohangida javob qaytaradi B. Irisqulov. — Bitta raqam noto‘g‘ri yozilgan ekan, shu sabab pul tushmay qoldi. Qaytadan yana shartnoma varaqasi olib bering, ishni tezda hal qilaman.

N. Shoimova yana boshqa shart­noma-to‘lov varag‘i nusxasini olib, B. Irisqulovga yetkazadi. Bir necha kundan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, Boborahmatdan «natija nima bo‘ldi?», — deb so‘raydi. Bu gal B. Irisqulov «Bank ishlamayapti», degan javob bilan qutuladi.

Shu tariqa B. Irisqulovning bahonalari ko‘paygandan-ko‘payib borayotgandi.

Nafisaning o‘qishiga to‘lanishi lozim pulning esa, aslo daragi yo‘q edi.

Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaverib, asablari toliqib ketgan Nafisa bora-bora Boborahmatga ishonmay qo‘yadi. Firibgar bo‘l­sa kerak, aldandim deb o‘ylaydi va ichki ishlar idorasiga murojaat qiladi.

Mazkur jinoyat ishini sudda mazmunan ko‘rish jarayonida haqiqiy holat to‘liq oydinlashdi.

Sudlanuvchi B. Irisqulov Samarqand davlat universitetining to‘lov-shartnoma asosida mutaxassis tayyorlashga 2019 yil 16 oktyabrda tuzilgan 6343-sonli shartnoma varag‘ini olib, unga va 154-sonli to‘­lov topshiriqnomasiga go‘yoki N. Shoimovaning o‘qishi uchun universitet hisob raqamiga 126 million 976 ming so‘m pul mablag‘lari ko‘chirilganligi to‘g‘risida mas’uliyati cheklangan jamiyatning muhrini bosgan.

MCHJ direktori S. Xoliyorovning imzosini qalbakilashtirib qo‘ygan.

Soxtalashtirilgan ana shu to‘lov-shartnomasi va to‘lov topshiriqnomasini jabrlanuvchi N. Shoimovaga bergan. Sodda va ishonuvchan N. Shoimova ularni universitet buxgalteriyasiga topshirgan.

Sudda sudlanuvchi B. Iris­qulovning jinoyat sodir etishdagi holatlari to‘liq muhokama qilindi. Jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlashtirildi.

Jabrlanuvchiga nisbatan yetkazilgan zarar qoplanmagan. Shu sababdan N. Shoimovaning sudlanuvchiga nisbatan da’vosi borligi e’tiborda tutildi.

Sud sudlanuvchini jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin emas, degan xulosaga keldi.

Sudlanuvchi B. Irisqulov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi va 228-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topildi.

Unga har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo belgilanib, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil besh yil ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi B. Irisqulovdan jabrlanuvchi N. Shoimova foydasiga 22 million 332 ming 200 so‘m pul undiriladigan bo‘ldi.

Xulosaga to‘xtalish, ortiqcha izoh berishga, nazarimizda, hojat yo‘qqa o‘xshaydi. Negaki, o‘zgalar hisobidan kun ko‘rishga urinuvchi firibgar kimsalar avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, bundan keyin ham ularning bo‘lmasligiga hech kim kafillik berolmaydi.

Biz bayon etgan jinoyat ishidagi N. Shoimova singari aldov qurboniga aldanmaslikning yagona yo‘li bu — ehtiyotkorlik. Shunday emasmi?!

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring