«Odamlarni hushyorlikka chaqirish uchun bu amaliyotni qilish kerak» – Otabekov

9 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida koronavirus bor narsaligiga shubha bilan qarab, cheklovlarni pisand qilmayotganlar ham uchrayotgani haqida so‘z bordi. Bu haqida "Zamin.uz" nashri xabar bermoqda.

Kun.uz muxbiri aholi orasidagi ana shunday fikrlarga qarshi chora sifatida ta’sirchanroq tashviqot olib borish masalasida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovga murojaat qildi.


«Odamlardagi shubha-gumonlarga o‘zim ham bir necha marta duch keldim. Bunday gumonlarga barham berish uchun tashviqot ishlarida yanada qat’iyroq, keskinroq bo‘lish maqsadga muvofiq emasmi? Shaxsini ochiqlamagan holda, bemorlarning vafot etish onlarini namoyish qilish kabi keskin choralar ko‘rish foydali bo‘lmaydimi? Ko‘p davlatlar, shu jumladan Yevropa mamlakatlarida bu kabi choralar kuzatilmoqda», – deya savol berdi Kun.uz muxbiri.

Nurmat Otabekov ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlashini bildirar ekan, so‘nggi vaqtlarda bu kabi videotasvirlar o‘zbek OAVda ham e’lon qilinayotganini ta’kidladi.

«Haqiqatan ham Yevropa davlatlarida koronavirusga chalingan va og‘ir ahvolda yotgan bemorlarni televideniye orqali ko‘rsatish amaliyoti tez-tez uchrab turibdi. Biz bu haqda juda ko‘p gapiryapmiz, ayrim OAVga bergan intervyularimizda kasallikdan sog‘ayib chiqqan emas, kasallik bilan kurashib yotgan odamlarni ko‘rsatish haqida aytganmiz.

E’tirof etishim mumkin, keyingi vaqtlarda bunaqa ma’lumotlar bizning OAVda ham berib borilyapti.

Albatta, odamlarni hushyorlikka chaqirish uchun bu amaliyotni qilish kerak. Kerak bo‘lsa, ushbu kasallikka chalinib, uni og‘ir o‘tkazib, bazo‘r salomatligini tiklab, endigina oilasi bag‘riga qaytganlardan intervyu olish kerak. Ular o‘z kechinmalarini ko‘proq so‘zlab bersa, nazarimda, ko‘proq samara bo‘lishi mumkin», – dedi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Реклама на Unews

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring