Ochlik e’lon qilgan tadbirkor Yoshlar ittifoqidan pulini olishga muvaffaq bo‘ldi

Tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyevning muammosi hal qilindi. U Jizzaxda yoshlar innovatsion markazini qurgan edi. Bu haqda UPL nashr xabar qildi, deb yozmoqda "everyday.uz" nashri.

Tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev «Yoshlar qurilish invest» MChJ va «Jizzax real qurilish ta’mir» MChJ o‘rtasida shartnoma tuzishga erishilganini ma’lum qildi. Shartnomaga ko‘ra tadbirkorning harajati 14,3 mlrd so‘mdan 11,4 mlrd so‘mga tushirildi. Shartnoma 14 dekabr kuni imzolandi.

“Erishilgan kelishuvga ko‘ra Yoshlar ittifoqi va Jizzax viloyat hokimligi tomonidan menga 3,6 mlrd so‘m to‘lab berildi. Shuning natijasida mening 300 nafar xodimim maosh oladigan bo‘ldi va ular ishidan ayrilmaydi. Muammo tinch yo‘l bilan hal etilganidan juda xursandman”, – deydi tadbirkor Sotvoldiyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tarmoqlarda Sotvoldiyev tomonidan yozilgan xat surati tarqalgan edi. Unda tadbirkor yoshlar innovatsion markazini qurganini, lekin uning pulini ololmaganini yozgan edi. Tadbirkor markazning qurilishiga 14,3 mlrd so‘m ketganini ma’lum qilgan edi. Sotvoldiyev va’da qilingan pullarning berilmagani sababli ochlik e’lon qilgan edi. Xat «Jizzax real qurilish ta’mir» MChJ muhri tushilirgan holda chiqarilgan. Ushbu firmaning direktori Sotvoldiyevning o‘zi hisoblanadi.


Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring