Navbatdagi sayyor qabullar Toshkent viloyatida bo`lib o`tdi

Prezident Xalq qabulxonalarining Toshkent viloyatida bu galgi qabullarida ham Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Xalq ta`limi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi, turli sohalarga oid yigirmaga yaqin respublika idoralari va tashkilotlari, viloyat sektorlari rahbarlari har bir murojaatni sinchiklab o`rganmoqda. Bu jarayonda tadbirkorlik bilan bog`liq masalalarga joyida echim topish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilinmoqda.

Chinoz tumani Olmazor qo`rg`onida faoliyat yuritayotgan “Pronto Textile Group” to`qimachilik korxonasida har yili o`rtacha 10 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ammo buyurtmachi tashkilotlardan biri shartnomaga ko`ra 15 foiz to`lovni oldindan amalga oshirib, mahsulotni to`liq olsa-da, 600 mln. so`mni bermay yurgan ekan. Korxona direktori o`rinbosari Rustam Rahmatov qabulda Bosh prokuratura mas`ullaridan ayni shu masalani hal qilishda amaliy yordam so`ragach, muloqot asnosida bu muammoga ham echim topildi.

 

Chinozlik Ozoda Rahimova xonadonida sartaroshxona ochishni niyat qilgan-u, sarmoyasi yo`qligidan qiyin vaziyatga tushib qolgan ekan. Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi mas`ullari bilan muloqotlardan so`ng istak va imkoniyatlar bir nuqtada birlashdi. Ayolga biznes rejasini amalga oshirishi uchun subsidiya ajratiladigan bo`ldi.

Реклама на Unews

Chinoz tumani hokimining “Gulzorobod” mahallasidagi yordamchisi O`ktam Zohidov esa o`z faoliyatida duch kelayotgan ayrim masalalar echimi bo`yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas`ullaridan huquqiy maslahat so`radi.

Muloqotlar maydonida o`tgan galgi ommaviy qabullarda masalalari hal qilingani uchun minnatdorlik bildirish uchun kelgan ko`plab odamlarni ham uchratdik. Sirdaryolik Shahodat Sariboeva o`tgan yili qo`ni qo`shnilari bilan Chinoz tumanidagi klasterlaridan birida g`o`za chopiq qilib, ish haqini ololmagach, xuddi shunday qabulda shikoyat bilan kelgan edi. Murojaatdan so`ng prokuratura organlari ularning huquqlarini himoya qilib, jami 24 kishiga ish haqlari undirib berildi.

Yoki O`rta Chirchiq tumanidagi korxonalardan birida haydovchi bo`lib ishlagan G`afforali Ataevning ham avvalga qabuldagi murojaatidan so`ng prokuratura organlari unga oylik maoshi to`lab berilishini ta`minladi.

Реклама на Unews

Yangiyo`llik Mirolim Fozilov Ichki ishlar vazirligi mas`ullariga murojaati asosida adolat qaror topganini aytmoqda. Gap shundaki, bu odam bir tanishidan mulk sotib olmoqchi bo`lib, anchagina pul bergan, so`ng kelishuv barbod bo`lib, ham mulksiz, ham pulsiz qolgan. Firibgarga aldanganini bilgach, Ichki ishlar vazirligi mas`ullariga murojaat qilgan Mirolim akaga yaqinda mablag`i to`liq qaytarilishi ta`minlandi.

Chinozlik Feruza Yo`lchieva ham Bosh prokuratura mas`ullariga bir og`iz rahmat aytish uchun kelibdi. Aytishicha, turmush o`rtog`i va qaynotasi vafot etgach, yoshgina bolasi bilan yolg`iz qolgan. Ta`mirga muhtoj uy-joyi epini qilolmagan ayol shunday qabullarda amaliy yordam so`ragach, yaqinda 2-sektor ko`magida ichki imkoniyatlar hisobidan uning uy-joyi ta`mirlab berilibdi.

Mamlakatimiz etakchisi ko`p bora ta`kidlaganidek, respublika va viloyat darajasidagi rahbarlar aholi orasida qancha ko`p yursa, xalq dardini teranroq his qiladi, murojaatlar kamayib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga barham beriladi. Ommaviy qabullar natijadorligi esa avvalo fuqaro va rahbarlarning o`zaro bir-birini tinglashi, bir-birini tushunishiga bog`liq.

Qabullar davomida ko`plab iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga ham echim topildi. Deylik, Chinoz tumani “Yo`ltushgan” mahallasida yashovchi Baxtiyor Ahmedov mahalladagi 362 ta xonadonni ichimlik suvi bilan ta`minlashda amaliy yordam so`radi. O`rganishlar bu borada dastur asosida loyiha tayyorlanganini, faqat moliyalash masalasi hal qilinmaganini ko`rsatdi. Viloyat hokimligi tez orada mazkur loyihani moliyalashtiradigan, pirovardida 362 ta xonadon obi-hayot bilan ta`minlanadigan bo`ldi.

Chinoz tumani Olmazor qo`rg`onida yashovchi Matluba G`afforova murojaatidan so`ng Avtomobil yo`llari qo`mitasi viloyat boshqarmasi mazkur hududdagi ichki yo`llarni ta`mirlash, piyodalar yo`lagi qurish masalalarini hal qilib beradigan bo`ldi.

Chinozlik opa-singil Ruxshona va Gulasal Hamidullaevalar yaqinda Italiya davlatida taekvando bo`yicha o`tkaziladigan jahon chempionatiga yo`llanma olishgan, biroq xalqaro musobaqaga borishga moddiy imkon topisha olmayotgan ekan. Murojaatdan so`ng viloyat hokimligi opa-singillarning bu boradagi safar xarajatlari uchun ajratadigan bo`ldi.

Murojaatlaridan so`ng o`rtachirchiqlik Dilnoza Xudoyberganova tumandagi “Shodlik” maktabgacha ta`lim tashkilotiga tarbiyachi bo`lib ishga qabul qilingan bo`lsa, og`ir ijtimoiy ahvoldagi talaba Durdona G`ulomovaga yangi o`quv yili uchun kontrakt pullari to`lab beriladigan bo`ldi.

Xuddi shunday muloqotlar asnosida bir necha yildan buyon tos suyagi emirilishidan aziyat chekib kelayotgan chinozlik Abdurasul Eshmurodovga viloyat hokimligi bepul jarrohlik amaliyoti o`tkazishi va sog`ayishi uchun amaliy yordam ko`rsatadigan bo`ldi.

Chinozlik og`ir ijtimoiy ahvoldagi Fotima Iskaraevaning murojaatidan so`ng esa Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi uning tug`ma yurak nuqsoni bilan tug`ilgan ikki yashar qizi Shukronani davolatishni o`z zimmasiga oldi. Shu erda uch tomonmala shartnoma tuzilib, Shukronaning yurak jarrohlik amaliyoti uchun zarur bo`lgan 33 million so`m mablag` ajratiladigan bo`ldi.

Davlatimiz rahbarining alohida topshirig`i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Chinoz va O`rtachirchiq tumanlaridagi ommaviy qabullarida 406 ta masala ko`rib chiqildi, ularning 81 tasi joyida hal qilingan bo`lsa, 85 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 240 ta murojaat bo`yicha esa aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring