Musulmonlar idorasi o`zbekistonliklarni Rossiya va Ukraina urushiga aralashmaslikka chaqirdi

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan erlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga turli va`dalar bilan urushga targ`ib qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayrim terrorchi tashkilot vakillari esa paytdan foydalanib, “jihod” da`vosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda.  Ushbu chaqiriqlarga O`zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi o`z munosabatini bildirdi. 

 

" Aslida musulmon kishini o`z vatanini himoya qilishdan boshqa xar qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi shar`an joiz bo`lmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad "As-Siyarul-kabir" kitobida aytadilar: “Musulmonlar g`ayridinlar bilan birlashib, boshqa g`ayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas”, deganlar.  

Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qo`yilgan o`ziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush bo`ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo`ladi. Unda o`ldirganlar qotil, o`lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog`iylar bo`ladi.

Реклама на Unews

Biz bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o`yinlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqdamiz. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg`unchiliklar, axloqsizlik va ma`naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi harqachongidan ko`ra ogoh va xushyor bo`lishi darkor. Xususan, insoniyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan turli bo`xronlar va notinchliklar paytida turli fitnalarga aralashmasligi lozim.

 

 Bu kabi fitnalarga aralashish shar`an harom hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi qonunchiligimizda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, nokonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga a`zo bo`lish ta`qiqlangan.  

Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Yaqinda fitnalar bo`ladi. U paytda o`tirgan turgandan yaxshidir, u paytda turgan yurgandan yaxshidir, u paytda yurgan yugurgandan yaxshidir. Kim fitnaga kirishsa halokat yoqasiga keladi, kim fitna payti panohgoh yoki saqlanadigan joy topsa u bilan saqlansin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Реклама на Unews

Xulosa qilib aytganda Islom dini ikki jamoa o`rtasida urush boshlansa, ulardan biriga qo`shilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targ`ibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq bo`lishga da`vat etamiz", – deydi O`zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi. 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring