Marko Stanoyevich: "Nasaf"dan ketishim mumkin edi, faqat..."

"Nasaf"ni ko‘plab futbolchilar tark etayotgan pallada o‘tgan mavsum jamoada to‘p tepgan serbiyalik legioner Marko Stanoyevich "ajdarlar" safida qolishga qaror qildi, deb yozmoqda "Zamin.uz" nashri.

Ortda qolgan davr mobaynida ko‘pchilik muxlislarning mehrini qozongan futbolchi yangi mavsumni "Nasaf"da boshlaydi. U klub bilan yangi shartnomaga imzo chekdi. Biz bu borada Markoning fikrlariga quloq tutdik.

- Marko, bu yil ham "Nasaf" sharafini himoya qilishingizdan muxlislar xursand bo‘lishgani tabiiy. Sizga ko‘plab jamoalarning takliflar tushganiga qaramasdan jamoada qolishingizga nima turtki bo‘ldi?
- Joriy mavsumda ham "Nasaf" safida to‘p tepishimdan xursandman. Shu yilning oxiriga qadar yangi shartnoma imzoladim. Takliflar bo‘lgani rost. Lekin, yakunda Qarshida qolishga qaror qildim. Sabab sifatida nimani ko‘rsatishim mumkin? "Nasaf"dan faqatgina juda ham yaxshi taklif bo‘lsa, ketaman deb aytgandim. Shaxsan o‘zimga bu yerda o‘ynash yoqadi.

- So‘nggi vaqtlarda ro‘y berayotgan muammolar jamoaning ichki muhitiga qanchalik ta’sir qilmoqda? Eshitishimizga qaraganda, muhit unchalik yaxshi emas ekan...
- Jamoada har doim ichki muhit yaxshi bo‘lgan. Men bu borada muammo ko‘rmadim. O‘tgan mavsum moliyaviy tomondan qiyinchiliklarga duch kelindi. Shunga qaramasdan, sovrinli o‘rinlar uchun kurashdik. Muammolar natijalarimizga ta’sir qilmasligiga harakat qildik.

- Bobir Abdixoliqov, Sharof Muhitdinov, Islom Kenjaboyev kabi futbolchilar boshqa klublarga yo‘l olishdi. Ular jamoaning yetakchilari edi...
- Kenjaboyev, Abdixoliqov, Sharof biz uchun muhim futbolchilar edi. Ular o‘zlarini boshqa jamoada sinab ko‘rishni lozim topishdi. Bunga normal holat sifatida qarash kerak. "Nasaf"da yosh futbolchilar ko‘p. Bu mavsumda ular o‘zlarini ko‘rsatishlariga ishonaman.

- Yangi mavsum uchun rejalar qanday?
- Muammolar bartaraf etildi. Maoshlar berildi. Yangi mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yilni "Paxtakor"ga qarshi superkubok bahsi bilan boshlaymiz. Boshqa jamoalar, ularning tarkibi haqida fikr bildira olmayman. Men hozir faqat "Nasaf" haqida o‘ylamoqdaman. O‘zimiz ishtirok etadigan barcha turnirlarda g‘alabalar bilan muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring