Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi — Shavkat Mirziyoev

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 6 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida chet tillarini o`rganishning ustuvor vazifalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Prezident Matbuot xizmati bo`lib o`tgan yig`ilish yuzasidan batafsil ma`lumot berdi.

Mamlakatimizda har yili ilm-fanning bir nechta yo`nalishi tanlab olinib, alohida e`tibor bilan rivojlantirilmoqda. Bu yil fizika va chet tillari ana shunday ustuvor sohalar etib belgilangan.

O`zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda.

Реклама на Unews

Bugungi kunda yurtimizdagi 25 ta oliy ta`lim muassasasida o`qitish chet tilida olib borilmoqda. 2016 yilda ular atigi 7 ta edi. Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o`quvchilar soni oxirgi 3 yilda 10 baravarga oshgan.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg`armasi orqali 350 nafar talabaning nufuzli xorijiy universitetlarda o`qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o`tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko`pdir.

Lekin, joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emas. Xususan, ta`lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o`qituvchisi lavozimi vakant bo`lib qolmoqda. 1 ming 400 ta maktabda chet tilini o`qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz. Bu tizimdagi o`qituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega. Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To`rtko`l, Sherobod va Uzun tumanlarida bunday sertifikatli birorta o`qituvchi yo`q. Maktablardagi chet tili o`qituvchilarining 49 foizi testdan o`ta olmagan.

Реклама на Unews

Yig`ilishda tizimdagi muammolar atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi.

– Mamlakatimizda xorijiy tillarni o`rgatish bo`yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo`ladigan yangi tizimni yo`lga qo`yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o`z oldimizga maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, lisey, kollej va oliy o`quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat`iy talab har bir ta`lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Toshkent davlat jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo`yicha tayanch muassasa sifatida belgilanadi.

Davlatimiz rahbari o`qituvchilarga munosib sharoit yaratish, malakasiga qarab ularni rag`batlantirish zarurligini ta`kidladi.

Keyingi uch yil davomida maktablardagi 53 ming nafar chet tili o`qituvchilarining barchasi xalqaro sertifikat olishi zarurligi ta`kidlandi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, maktablardagi vakant o`rinlarni malakali mutaxassislar bilan to`ldirish vazifasi qo`yildi.

Chet tillarini chuqur o`rgatish maqsadida tuman va shaharlarda 207 ta maktab tanlab olindi. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg`or o`quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o`qitish yo`lga qo`yiladi.

Viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilini o`qitish sifatini oshirish uchun mahalliy byudjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard so`mdan mablag` ajratishga ko`rsatma berildi.

Ixtisoslashgan maktablar va oliy o`quv yurtlariga til egasi bo`lgan xorijlik o`qituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov o`tkazib, chet tili o`qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo`lga qo`yish muhimligi aytildi.

O`qitish sifati xalqaro andozalarga mos darslik va metodik qo`llanmalarga ham bog`liq. Shu bois, ingliz tili bo`yicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklarini 200 ta maktabda aprobasiyadan o`tkazib, keyingi yildan barcha maktablarda tatbiq etish vazifasi qo`yildi. Bunday ishlar rus, nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari bo`yicha ham tashkil etiladi.

Sohadagi o`zgarishlardan xabardor bo`lib borishlari, yangi adabiyot va qo`llanmalar sotib olishlari uchun har bir chet tili o`qituvchisiga byudjetdan 1 million so`mdan mablag` ajratilishi belgilandi.

Maktabgacha ta`lim vazirligiga YuNISEF bilan hamkorlikda 7 yoshgacha bo`lgan bolalarga chet tillarini o`qitish bo`yicha uslubiy qo`llanma ishlab chiqib, joriy etish vazifasi qo`yildi.  

Yig`ilishda oliy ta`lim tizimida mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Bugungi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o`qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda ekani ko`rsatib o`tildi.

Til o`rgatuvchi videodarslar, film va ko`rsatuvlar yaratish, elektron dasturlar ishlab chiqish bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

Videoselektor yig`ilishida mutasaddi rahbarlar va o`qituvchilar o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring