Maktablarda uchta ta`til o`rniga uzaytirilgan qishki ta`tilni joriy etish taklif qilindi

25 dekabrdan 2 fevralgacha davom etadigan qishki ta`tilni joriy etish, birinchi va so`nggi qo`ng`iroq kunlarini 26 avgust va 31 may etib belgilash, boshlang`ich sinflarda darslar davomiyligini 45 daqiqadan 40 daqiqaga tushirish taklifi ilgari surilmoqda.

O`zbekistonlik bir guruh ziyolilar umumta`lim maktablaridagi o`quv yili taqvimini o`zgartirishni taklif etmoqda. Taklif tashabbuskorlarning Telegram'da tashkil etgan «Ilm-fan va ta`lim» kanalida e`lon qilingan,  deb yozmoqda kun.uz.

Faollarning so`zlariga ko`ra, ko`plab rivojlangan davlatlarda maktablardagi o`quv yili boshlanishi, ta`til kunlari va dars mashg`ulotlari davomiyligining belgilanishi asosan ta`lim maqsadlaridan, tashkiliy masalalardan hamda iqlim sharoitlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Реклама на Unews

«Umumta`lim maktablari o`quvchilari, ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilarining kuz-qish mavsumi davrida o`quv mashg`ulotlariga qatnashidagi qator noqulayliklarni o`quv yilining boshlanishi, tugashi hamda ta`til kunlarining muddatini o`zgartirish va dars mashg`ulotlari davomiyligini qisqartirish orqali sezilarli darajada bartaraf etish mumkin.

Respublikamizdagi 10 mingga yaqin umumta`lim maktablarining aksariyati qishloq hududlarda joylashgani, ushbu maktablarga 3 km radiusda joylashgan xonadonlardan ichki yo`llarning hozirgi holatida qish kunlarida, yog`ingarchiliklar davrida ham o`quvchilarning, ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilarining piyoda qatnab o`qiyotgani, bu davrda o`quvchilar kasal bo`lishlarining keskin ko`payishi, umumta`lim maktablarining markaziy isitish tizimlariga ulanmagani hamda kuz-qish mavsumida issiqlik va elektr-energiyasiga bo`lgan ehtiyojning keskin ortib ketishi natijasida energiya tanqisligi vujudga kelishi, ta`lim muassasalarini kuz-qish mavsumida isitish uchun va elektr energiyasi uchun, jumladan, ko`mir sotib olish uchun davlat byudjetidan 80–100 mlrd so`mga yaqin mablag`lar sarflanayotgani masalaning dolzarbligini ko`rsatadi», – deb yozadi taklif matnida.

Tashabbuskorlar guruhi quyidagi takliflarni ilgari surgan:

Реклама на Unews

  • O`quv yilining boshlanishini 2 sentyabr kuni o`rniga 26 avgust, tugashini esa 25 may o`rniga 31 may deb belgilash;
  • O`quvchilar uchun amaldagi 4–9 noyabr, 28 dekabr–10 yanvar, 21–27 mart kunlaridagi ta`til kunlari o`rniga 25 dekabrdan 2 fevralgacha qishki ta`tilni joriy etish;
  • Yozgi ta`til vaqtining ikki haftaga qisqarishi munosabati bilan o`qituvchilar uchun 11–25 yanvar kunlari davomida ikki haftalik haq to`lanadigan mehnat ta`tilini berib borish;
  • 2-choraklar hamda 3– va 4-choraklar oralig`ida qisqa muddatli ta`til zarur deb hisoblansa, 1– va 3-chorakning oxirgi o`qish kuni mashg`ulotlarini hamda 2– va 4-chorakning birinchi o`qish kuni mashg`ulotlarini tegishli choraklardagi boshqa o`qish kunlarida o`tish hisobiga choraklar orasida ikki kunlik ta`til belgilash.

Faollarga ko`ra, bu taklifni amalga oshirish uchun deyarli mablag` sarflanmaydi; aksincha, bir necha o`n milliard so`m mablag` tejalishi mumkin.

«Eng muhimi – qish mavsumida o`quvchi va o`qituvchilarga ancha engillik yaratiladi.

O`quv yili muddatlarini kerak bo`lsa har yili o`zgartirish tajribasi rivojlangan davlatlarda ancha yillardan beri qo`llaniladi, Kanada bunga bir misol», – deb yozadi tashabbuskorlar guruhi.

Bundan tashqari, ta`kidlanishicha, o`quvchilar yoshi va jismoniy rivojlanganlik darajasi har xil bo`lishiga qaramasdan, shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida, ya`ni o`ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovitish tizimlari bilan jihozlanmagan hamda 2-3 smenada o`qitiladigan maktablarda ham dars mashg`ulotining davomiyligi bir xil – 45 daqiqa deb belgilangan. Bu esa, o`quvchilarga, ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilariga qiyinchiliklar tug`dirmoqda.

Shundan kelib chiqib:

  • boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun dars mashg`uloti davomiyligini 40 daqiqa deb belgilash (bunda boshlang`ich sinflar uchun tanaffus vaqtini 5 daqiqaga uzaytirish orqali barcha sinflardagi dars vaqtining boshlanishini bir xil qilish mumkin);
  • tuman yoki shahar xalq ta`lim bo`limlari ruxsati bilan noqulay ob-havo sharoitlarida, ya`ni o`ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovitish tizimlari bilan to`liq jihozlanmagan, shuningdek, 2-3 smenada o`qitiladigan umumta`lim maktablarida dars mashg`ulotining davomiyligini 5 daqiqaga qadar qisqartirishga ruxsat berish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

Bu takliflarning joriy etilishi bilan quyidagi natijalarga erishilishi mumkin:

  • kuz-qish mavsumi davridagi isitish va elektr energiyasi sarfi 30 foiz atrofida tejaladi; bu maqsadlar uchun xarajatlar 20-30 mlrd so`mga kamayadi;
  • hozirgi kunda bir vaqtga to`g`ri kelayotgan Mustaqillik bayrami, Birinchi prezidentni xotirlash kuni hamda Bilimlar kunlarining tarbiyaviy-ma`naviy ta`sirchanligini oshirish mumkin;
  • o`quvchilarga, ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilariga qulayliklar yaratiladi;
  • boshlang`ich sinf o`qituvchilarining dars mashg`ulotlaridagi mehnat sarfi 10 foizga yaqin qisqaradi;
  • o`qituvchilar uchun o`quv yili o`rtasida ham mehnat ta`tiliga chiqish va o`z ustida ishlash uchun qo`shimcha imkoniyat paydo bo`ladi;
  • Prezident farmonida belgilangan «O`zbekiston bo`ylab sayohat qil» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo`yicha ta`lim muassasalari o`quvchilari, rahbar-xodimlari uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Qayd etilishicha, taklif «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga ham joylangan. Taklifning portalda e`lon qilinishi masalasi moderatorlar tomonidan hal etiladi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring