Madaniyat vazirligi IIV xodimlaridan uzr so‘ragan ijodkorlar haqida bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqda IIV YHXBB Axborot xizmati tomonidan «Hazilning tagi «zil» bo‘lmasin» deb nomlangan video tarqaldi. Unda, «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» hajviy guruhlari tomonidan IIV xodimlari haqida tayyorlangan yumoristik roliklar uchun kechirim so‘ragani aks etgan. Ushbu holat OAV vakillarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Madaniyat vazirligi ham bu borada rasmiy bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, Madaniyat vazirligi matbuot xizmati vaziyat yuzasidan «Sho‘rdanak» hajviy guruhi vakili bilan suhbatda bo‘lgan, ammo ijodkor bu masala yuzasidan fikr bildirishni istamagan.

«Madaniyat vazirligi hajviya, satira va askiya san’atini chegaralamaslik lozimligini bildiradi. Yillar davomida ijodkorlar hajv orqali jamiyatdagi muammo va illatlarni yo‘q qilishga intilgan, shu yo‘l bilan turli soha yo‘nalishlarini isloh qilishga ko‘maklashgan. Bu xuddi jurnalist va blogerlar ko‘tarayotgan muammolarga o‘xshaydi. Shunday ekan, nima uchun ijodkorlar hazili o‘rinli qabul qilinmasligi lozim?

Реклама на Unews

Agar hajviya biron shaxsga tegishli bo‘lib, uni kamsitishga qaratilgan bo‘lsa, Madaniyat vazirligi bunday ijod namunasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Ammo xoh xajviya, drama yoki satira bo‘lsin, jamiyatdagi illatlarni da’volashga qaratilgan mavzular ko‘tarilsa, uni hech narsa bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Tarixga nazar solsak, o‘zbek hajviy adabiyoti sermazmun tarixga egadir. Hajv va satira — voqelikni aks ettirishning alohida g‘oyaviy-badiiy prinsipi sifatida barcha xalqlar adabiyoti, shu jumladan o‘zbek xalqining ham og‘zaki va yozma ijod namunalarida qadimdan katta o‘rin olib kelgan. Ijtimoiy illatni kulgi ostiga olgan satira o‘zbek xalq ijodida keng tarqalgan. Nasriddin afandi kabi to‘qima hajviy milliy qaxramonlar o‘z zamonasining illatlarini xalq orasida askiya va hajviya orqali namoyish etgan. Qadimdan xalq ichida hajviya, satira, askiya kabi yumoristik ijodlar keng tarqalib, ommalashgan.

Xullas, madaniyat va san’at sohasida cheklovlar qo‘yilishi davom etarkan, u xech qachon rivojlanmaydi», — deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati tomonidan berilgan bayonotda.

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring