Kuzda koronavirus yanada avj olishi kutilmoqda — JSST

Dunyo epidemiologlari kuz faslida koronavirus yanada tez sur`atlarda tarqalishi mumkin, degan xulosada. Bu haqda mamlakatimiz SSV matbuot xizmati yozmoqda.

Xususan, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyugening ma`lum qilishicha, bu davrda kasallanishlar soni keskin o`sishi kutilmoqda. 

“Evropa mintaqasida pandemiya boshlanganidan buyon COVID-19ni yuqtirgan bemorlar soni bir necha hafta o`tib 250 million nafarga etadi, — deydi u. — To`g`ri, biz o`tgan davrda koronavirusga qarshi kurash borasida katta natijalarga erishdik. 

Ammo hali infeksiya keng tarqalishda davom etmoqda. Shifoxonalarga hamon bu kasallikka chalingan bemorlar yotqizilyapti va hanuz juda ko`p o`lim holatlari kuzatilmoqda.

Masalan, o`tgan haftaning o`zida mintaqamizda 3 ming nafarga yaqin kishi mazkur xastalik oqibatida hayotdan ko`z yumdi. Bu dunyo bo`yicha 22-28 avgust kunlari koronavirusdan vafot etganlarning uchdan bir qismini tashkil qiladi”.

Xans Klyugening ta`kidlashicha, jahondagi ko`plab mamlakatlar, hatto iqtisodiy ahvoli maqtanarli bo`lmagan davlatlar ham emlash jarayonini uzluksiz davom ettirmoqda. 

Ammo Evropada hali vaksina olmagan millionlab kishilar bor. Endi ana shu odamlarning emlanishi uchun zarur choralarni topish lozim. Ayniqsa, aholining immuniteti zaif qatlamlari, jumladan, keksa yoshli insonlar, yondosh kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar birinchi navbatda buster dozani qabul qilishlari kerak.

Shuningdek, JSST vakili bu mavsumda gripp epidemiyasiga qarshi vaksinalarni ham qo`llashga alohida ehtibor qaratish zarurligini qayd etdi.

Eslatib o`tamiz, so`nggi haftalarda Evropa bo`yicha eng ko`p kasallanish holatlari Germaniya va Fransiyada ro`yxatga olinmoqda

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring