Koronavirus! Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston aholisiga murojaat yo‘lladi!

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi mamlakatimiz aholisiga MUROJAATI e’lon qilindi.

"Muhtaram Vatandoshlar!

Avvalambor, barchangizni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan chin yurakdan samimiy tabriklaymiz.

Реклама на Unews

Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonning yangi, ochiq, demokratik va insonparvar qiyofasi yaratilmoqda. Jonajon xalqimizning ertaga emas, bugun baxtli yashashi uchun amalga oshirilayotgan mazkur islohotlarning ta’sirini har bir yurtdoshimiz o‘zi va oilasi misolida ko‘rib, sezib turibdi.

Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u bo‘lganidek, hayot ham turli sinov va qiyinchiliklardan iborat. Buni butun yer yuzi aholisini jiddiy tashvishga solayotgan xavf – pandemiya misolida ham ko‘rish mumkin.

Bizga ham, afsuski, bu sinov yetib keldi. Kutilmaganda hayot tarzimizni, odatlarimizni, bir maromda ketayotgan jarayonlarni o‘zgartirishimizga, yangi talab va shartlar asosida yashashga o‘rganishimizga to‘g‘ri keldi.

Реклама на Unews

Besh oydan ortiq vaqt davomida davlatimiz rahbarining topshiriqlari va ko‘rsatmalariga muvofiq bu xatarni imkon qadar kam talafot bilan yengib o‘tish uchun barcha zarur choralarni ko‘rib kelmoqdamiz.

Ko‘rilgan samarali chora-tadbirlar hamda tibbiyot hodimlarining fidokorona xizmatlari natijasida bugungi kunga kelib O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan jami 40 mingdan oshiq fuqarolarimizning qariyib 38 mingga yaqini yoki 93 foizi sog‘aydi, 2 ming 700 dan ziyod bemorni davolash va oilasi bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar o‘rtasida taqsimlangani, xorijlik ekspertlar asosan og‘ir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilgani o‘zining yaxshi samarasini berdi.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirayotgan shu va boshqa chora-tadbirlarimiz yaqin kunlarda o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatishiga, barcha yurtdoshlarimiz yanada jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va mas’uliyat ko‘rsatib, mo‘’tabar keksalarimizning duoi fotihalari bilan bu sinovdan eson-omon o‘tishimizga, qattiq ishonamiz.

Kasallik tarqalishining sur’atini pasaytirish va jarayonni jilovlab turishda ommaviy tadbirlar va turli marosimlardan voz kechishning ahamiyati katta ekanini bugun yaxshi anglab yetdik. Xalqimiz salomatligi har narsadan ustun turishini, inson hayoti eng oliy qadriyat ekanini ham pandemiya davri bizga yana bir bor eslatdi, ko‘rsatdi.

Vujudga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, bu yilgi qator bayramlar va ommaviy tadbirlar o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatganimizdan barchangiz xabardorsiz.

Mana, yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomi ham yaqinlashib kelyapti. Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq, pandemiya sharoitida mazkur buyuk sanani nishonlash tartibini kelishib olish uchun sog‘liqni saqlash tizmining vakillari bilan maslahat qildik. Albatta, bunda ham asosiy vazifa – xalqimiz salomatligini asrash nuqtai nazaridanmasalaga yondashildi.

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va ommaviy sayillar o‘tkazishni, shuningdek, bog‘ va ko‘ngilochar maydonchalarda konsert dasturlari tashkil etishni, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida mushakbozliklarni cheklashni talab qilmoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish maqsadga muvofiq, degan qarorga keldik.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda, ularni sanitariya normalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish kerakligini alohida ta’kidlamoqchimiz.

Ushbu kunlar biz uchun har qachongidan-da sinovli bo‘ladi. Ko‘rilayotgan choralar qanchalik natija berishi tez orada ayon bo‘ladi.

Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga so‘zsiz amal qilishga odatlanishimiz kerak.

Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qat’iy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rib borish topshiriladi.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, to‘yu tantanalarni a’lo kayfiyatda el-yurtimiz bilan birgalikda hali juda ko‘p o‘tkazamiz. Zero, sog‘-salomat ota-ona bag‘rida o‘ynab-kulib yurgan farzandlarimiz, duoyu fotihalari va maslahatlari bilan boshimizga toj bo‘lib turgan ota-onalarimiz davrasida bayramni nishonlash ham katta ne’mat ekanini bugun har qachongidan ham yaxshiroq anglab turibmiz.

O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!

Mustaqillik ayyomingiz muborak bo‘lsin!"

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring