Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqilmaydi — Tanzila Norboyeva

Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘ninchi yalpida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqilmasligini va kun tartibidan o‘rin olmaganini aytdi. 11-dekabr kuni o‘tgan Senat Kengashi majlisida esa bu bo‘yicha qonun kun tartibidan o‘rin olgani va ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan edi.

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida rais Tanzila Norboyeva Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi kun tartibidan joy olmaganini ta’kidladi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ham kun tartibiga Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish masalasi borligi to‘g‘risida o‘qidim. Bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Yalpi majlis kun tartibida Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida masala kiritilmagan. Konstitutsiya bizning bosh qomusimiz. Unga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish xalqimiz bilan bemaslahat qilinmaydi”, — dedi Senat raisi.

Norboyeva shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiyaga sirli tarzda o‘zgartirish kiritilayotgani haqidagi gap-so‘zlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Реклама на Unews

“Yana „sirli“ degan so‘zga alohida urg‘u bermoqchiman. O‘zbekistonda hech bir narsa sirli emas. Hamma masala ochiq-oshkoralik bilan qabul qilinyapti, ko‘rib chiqilyapti, xalq bilan bamaslahat qilinyapti. Men nafaqat qonunlarni, balki qonunosti hujjatlarni ham nazarda tutyapman. Hatto prezidentimiz qabul qilayotgan har bir farmon, har bir qarorga imzo chekishdan avval xalq bilan maslahatlashib, ayniqsa hududlarda deputatlar, jamoatchilik kengashi, olimlar, ekspertlar fikri o‘rganilib, mahalla raislari yoki jamoatchilik kengashlarining selektor yig‘ilishlarida fikr-mulohalari tinglab, keyin imzo chekyaptilar”, — dedi Tanzila Norboyeva.

Avvalroq, 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat Kengashida navbatdagi yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan masalalar haqida ma’lum qilingan edi. Shu qatorda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun ham mavjudligi va uni ko‘rib chiqish rejalashtirilayotgani aytilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Konstitutsiyaning oltinchi — Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibi — bo‘limining 128-moddasi ga muvofiq, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o‘tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.

Реклама на Unews

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring! 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring