Kelgusi oylarda narxlar qanday o‘zgarishi mumkinligi ma’lum qilindi

Joriy yil oktabr oyida iste’mol narxlari yuqori inflyatsion bosim sharoitida shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshdi.

Markaziy bank sharhida aytilishicha, narxlar oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab bo‘ldi. Yanvar-oktabr oylarida respublika bo‘yicha inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi (10 foiz) umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori, nooziq-ovqat tovarlari (6,9 foiz) va xizmatlar narxlari o‘zgarishi (5,2 foiz) esa past darajada shakllandi.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentabr-oktabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari ta’siri bilan izohlanadi. Bunda, oktabr oyi davomida tuxum (17,7 foizga), o‘simlik yog‘i (11,2 foizga), paxta yog‘i (13,6 foizga), shakar (9,8 foizga) hamda sabzavot mahsulotlari narxlarida mavsumiy (5,8 foizga) yuqori o‘sish kuzatildi.

Go‘sht mahsulotlari
Joriy yilning dastlabki 10 oyida go‘sht mahsulotlari narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 15 foizga, shundan, mol go‘shti 18,2 foizga va qo‘y go‘shti 22,1 foizga qimmatlashdi. Go‘sht mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirishda asosiy e’tibor go‘sht taklifini oshirish, xususan, yirik chorvachilik fermalarini tashkil etish, chorva ozuqasini arzonlashtirish hamda go‘sht mahsulotlari importida raqobat sharoitlarini yaxshilash va xarajatlarni kamaytirishga qaratilishi lozim.

Shakar
Shakar narxi yil boshiga nisbatan respublika bo‘yicha o‘rtacha 15,7 foizga oshdi va narxlar o‘sishining asosiy qismi sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keldi. Jahon bozorida shakar narxining pasayishi hamda shakar eksport qiluvchi asosiy davlatlarda ishlab chiqarish hajmining oshishi fonida mamlakatimizga ushbu mahsulotni import qilish sharoitlarining yaxshilanishi kelgusida shakar narxining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Bug‘doy uni
2020 yilning yanvar-oktabr oylarida bug‘doy uni respublika bo‘yicha o‘rtacha 12,9 foizga qimmatlashdi. Tahlillar mamlakatimizda va asosiy savdo hamkor davlatlar – Rossiya hamda Qozog‘istonda joriy yilgi bug‘doy hosilining kutilgandan ko‘proq bo‘lganligini, kelgusida ushbu mahsulot narxining yuqori oshishiga sabab bo‘ladigan omillarning yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Guruch
Joriy yilning dastlabki 10 oyida guruch narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 13,2 foizga o‘sdi. Tadbirkorlar hamda guruch yetishtiruvchi dehqonlar bilan olib borilgan o‘rganishlarda, bu yilgi mavsumda suv tanqisligi kuzatilganligi sababli guruch hosili kutilgan hajmidan sezilarli darajada kam bo‘lganligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida ushbu mahsulot narxiga ma’lum darajada qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Yog‘-moy mahsulotlari
2020 yilning yanvar-oktabr oylari davomida yog‘-moy mahsulotlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 20,2 foizga, xususan, o‘simlik yog‘i 23,9 foizga, paxta yog‘i 24,2 foizga qimmatlashdi. Yog‘-moy mahsulotlari importida raqobat sharoitlarining yaxshilanishi va yetkazib beruvchilar tarkibining diversifikatsiya qilinishi kelgusida narxlarni pasaytiruvchi omillardan bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Meva va sabzavotlar
Kuzatilayotgan davr mobaynida meva va sabzavotlar narxlari umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi omil sifatida xizmat qilib, yil boshiga nisbatan 3,3 foizga pasaydi. Meva va sabzavotlar narxi yuqori mavsumiylik xarakteriga ega bo‘lib, avvalgi yillardagi trendiga asosan kelgusi oylarda ushbu mahsulotlar narxlarining mavsumiy qimmatlashishini kutish mumkin.

Kartoshka
2020 yilning yanvar-oktabr oylarida, aholi tomonidan kartoshka mahsulotiga yuqori talab saqlanib qolganligi sababli iste’mol tovarlari orasida eng yuqori o‘sishni (35,5 foiz) qayd etdi.

Tuxum
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida tuxum narxida sezilarli o‘sish kuzatilib, narx o‘zgarishlari, asosan, sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keldi. Tuxum narxi barqarorligini ta’minlash masalasi parrandachilik ozuqa bazasini arzonlashtirish yo‘nalishida tizimli ishlarni amalga oshirishni talab etadi.

Nooziq-ovqat tovarlari
2020 yil yanvar-oktabr oylarida, nooziq-ovqat tovarlari narxlari respublika bo‘yicha 6,9 foizga oshib (o‘tgan yilning mos davrida 9,5 foiz), umumiy inflyatsiya darajasidan past bo‘ldi. Ushbu davrda nooziq-ovqat tovarlari narxlari qimmatlashishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar dori-darmon, qurilish mollari, sement, avtomobil uchun yoqilg‘i, yuvish va tozalash vositalari, kiyim-kechak hamda maishiy texnika vositalari narxlarining qimmatlashishi bo‘ldi.

Dori-darmonlar
Joriy yilning dastlabki 10 oyida dori-darmon vositalari narxlarida yuqori o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Kuz-qish mavsumida dori-darmon mahsulotlariga bo‘lgan talabning yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida, kelgusida ushbu mahsulotlar narxlarining oshishi kuzatilishi mumkin.

Qurilish mollari
2020 yilning yanvar-oktabr oylarida nooziq-ovqat tovarlari tarkibida qurilish mollari narxi ham yuqori o‘sishni qayd etdi va respublika bo‘yicha yil boshiga nisbatan 11 foizga qimmatlashdi. Qurilish materiallari narxidagi o‘zgarishlar, asosan, avgust oyiga to‘g‘ri kelib, karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida qurilish sohasidagi ishlarning kengayishi talabning sezilarli oshishiga sabab bo‘ldi. Biroq, qish mavsumining yaqinlashishi bilan qurilish ishlarining sekinlashishi qurilish mahsulotlari narxlarda o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Avtomobillar uchun yoqilg‘i
Joriy yilda avtomobillar uchun yoqilg‘i mahsulotlari narxlari jahon bozorida neft narxining pasayishi va ushbu sohaga xorijiy operatorlarning kirib kelishi natijasida raqobat muhitining yaxshilanishi fonida shakllandi. Kuz-qish mavsumi uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonining boshlanishi ushbu mahsulot narxiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda. Talabning yuqoriligi sababli ushbu mahsulot narxidagi o‘suvchi tendensiya kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.

Maishiy texnika
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida maishiy texnika vositalari narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 4,1 foizga oshdi. Hududlar kesimida, Jizzax viloyatida maishiy texnika vositalari respublikaning boshqa viloyatlariga nisbatan yuqoriroq darajada qimmatlashdi va 9,8 foizni tashkil etdi. Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida esa ushbu tovarlar narxlari nisbatan pastroq darajada qimmatlashib, 2 foizni tashkil etdi.

Xizmatlar
2020 yilning yanvar-oktabr oylari mobaynida xizmatlar narxlari respublika bo‘yicha 5,2 foizga qimmatlashib (o‘tgan yilning mos davrida 14,2 foiz), umumiy inflyatsiya darajasiga nisbatan pastroq bo‘ldi. Bunda, xizmatlar sohasida narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillari sifatida tibbiy xizmatlar, xususan, laboratoriya xizmatlari, yo‘lovchi transporti, yo‘nalishli taksi hamda maishiy xizmatlar narxlarining qimmatlashishini keltirish mumkin.

Tibbiy xizmatlar
Pandemiya sharoitida tibbiy xizmatlarga, ayniqsa, tibbiy laboratoriya xizmatlariga bo‘lgan talab keskin ortdi. Pandemiya bilan bog‘liq noaniqliklarning saqlanib qolishi hamda qish mavsumida tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabning mavsumiy ortishi natijasida kelgusida ushbu xizmatlar narxlarining yanada qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yo‘lovchi transport xizmatlari
Kuzatilayotgan davr mobaynida yo‘lovchi transporti xizmatlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 9,9 foizga qimmatlashdi. Mazkur holat karantin choralarining qo‘llanilishi sababli jamoat transporti harakatining cheklanishi oqibatida taksi xizmatlariga bo‘lgan talabning oshganligi bilan izohlanishi mumkin. Kelgusi oylarda yoqilg‘i narxlarining mavsumiy qimmatlashishi hamda qish oylarida aholi tomonidan taksi xizmatlariga bo‘lgan talabning oshishi hisobiga, ushbu xizmatlar narxlarida o‘sish kuzatilishi mumkin.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring