Jazoni o‘tash muassasalarida mahkumlarning qiynoqqa solinishi haqidagi lavha yuzasidan bayonot berildi

Joriy yilning 6 noyabr kuni VVS o‘zbek xizmatining «Qiynoqlar hali ham bormi?» nomli videolavhasi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Ichki ishlar vazirligi mazkur lavha yuzasidan bayonot berdi, deb yozmoqda "Xabar.uz" nashri.

«Mazkur lavhada VVS muxbiri tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkumlarning oila a’zolari bilan suhbat jarayonlari aks etgan bo‘lib, ular o‘zlarining yaqinlariga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilayotganligi, shuningdek, mahkumlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganligini hamda ular insonparvarlik tamoyili asosida jazodan ozod etilmayotganliklarini ma’lum qilishgan.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda, respublika jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning huquq va erkinliklari ta’minlangan bo‘lib, ularni axloqan tuzatish, jahon standartlari asosida jazo o‘tashlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Реклама на Unews

Xususan, so‘nggi 4 yil ichida jinoyat sodir etgan shaxslarni mehnatga to‘liq jalb etish orqali ularni axloqan tuzalish va kelgusida jamiyatimizning munosib a’zosi sifatida shakllantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonunlar bilan mahkumlarning ijtimoiy huquqlari kengaytirildi, jumladan:

- yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon so‘zlashuvidan foydalanishlari, jo‘natma va uchrashuvlar olishlari me’yorlari qariyb ikki barobarga oshirildi;

Реклама на Unews

- jazo muddatini o‘tash davrida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kuchaytirildi;

- mahkumlarni tarbiyalashda ularning ota-onalari rolini kuchaytirish, tarbiyaviy tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida, voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onalari bilan uchrashuvlariga nisbatan cheklovlar olib tashlandi;

- jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik vakillari, Ombudsman, xalq deputatlari hududiy kengashlaridan iborat maxsus Komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni tergov harakatlarini o‘tkazish uchun olib ketishdan oldin hamda olib kelingandan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, har qanday jarohatlar aniqlanganda qayd qilinishi hamda zudlik bilan prokuratura organlarga xabarnomalar yuborilishi joriy etilgan.

Hozirga qadar mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari jami 3.280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlandi.

Shu bilan birga, mahkumlarning Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsman) hamda prokuratura organlariga bevosita murojaat qilishlari uchun alohida maxsus qutilar joriy etilib, ular faqatgina Ombudsmanning hududiy vakillari va prokuratura xodimlari tomonidan ochiladi va tushgan murojaatlar o‘rganish uchun olib ketiladi.

Mahkumlar huquqlari poymol etilishi, ularga nisbatan qiynoq yoki boshqa turdagi kamsituvchi harakatlar sodir etilishining oldini olish, muassasalarda ularga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida mahalliy xalq deputatlari kengashlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda “Intilish” nodavlat-notijorat tashkiloti tomonidan muntazam ravishda monitoring ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri davomida 46 ta muassasada ana shunday monitoring o‘tkazilib, 4.493 nafar mahkumlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, 983 nafar mahkumlar bevosita yakka tartibda qabul qilindi.

Shu bilan birgalikda muassasalarda mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularning haq-huquqlarini ta’minlash borasida diplomatik korpus, xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotlar hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan 18 ta jazoni ijro etish muassasalariga 33 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Xususan, BMTning mustaqil sud va advokatlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Garsiya-Sayan, «Xyuman Rayts Votch» xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti vakili Stiv Mark Sverdlov, Belarus, Germaniya, Xitoy va Finlyandiya davlatlari vakillari hamda “Amerika ovozi” radiosi muxbirining koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha tashriflari tashkillashtirildi.

Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston davlatlari diplomatik korpus vakillari tomonidan ham muassasalarga tashriflar uyushtirilib, mahkumlar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 2017-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan, 4.869 nafar mahkum afv etildi.

Afv etilib ozodlikka chiqarilgan har bir fuqaro bilan individual tartibda ijtimoiylashuv tadbirlari o‘tkazilib, ularga uy-joy berish yoki ta’mirlash, moddiy yordam ko‘rsatish, bandligini ta’minlash, bank kreditlarini ajratish, tadbirkorlik faoliyatini yuritishi uchun ko‘maklashish va boshqa ijtimoiy masalalar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bi-Bi-Si videolavhasida qayd etib o‘tilganidek, pandemiya munosabati bilan mahkumlarning sog‘liqlarini himoya qilish maqsadida, ularning yaqinlari va oila a’zolari bilan uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq pandemiya vaqtida mahkumlarning yaqinlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar ularning iltimoslariga ko‘ra telefon so‘zlashuvlari bilan almashtirilib, yetarlicha shart-sharoitlar yaratildi.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab, Respublikamizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilayotganligi munosabati bilan karantin qoidalariga rioya etgan holda mahkumlarga qisqa muddatli uchrashuvlar hamda jo‘natma va banderollar berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislarining tavsiyalariga muvofiq uzoq muddatli uchrashuv berilishi yo‘lga qo‘yilib, hozirgi kunda uni qay tartibda joriy etish tartibi ko‘rib chiqilmoqda.

Jazo o‘tayotgan mahkumlarning yaqinlari Bi-Bi-Si muxbiriga bergan intervyularida jazoni o‘tash muassasasi xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilayotganligi, muassasadagi sharoitlardan noroziliklarini bildirganlar. Intervyuda keltirilgan holatlar bo‘yicha ilgari Prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan to‘liq va atroflicha o‘rganilgan, jazoni o‘tayotgan mahkumlar bilan suhbatlashilgan, zaruriy ekspertizalar tayinlangan, lekin, tekshiruv davomida mahkumlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalaridan kelib chiqqan holda arizalarda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi aniqlangan.

Ta’kidlash lozimki, mazkur arizalarda ko‘rsatilgan mahkumlar jazo muddatini o‘tashlari davomida muassasalarda o‘rnatilgan ichki tartib qoidalarga bepisandlik bilan qarab, ularga rioya etmay, muntazam ravishda belgilangan tartibni buzib kelayotganliklari sababli, tuzalish yo‘liga o‘tmagan mahkumlar hisoblanadi.

Kelgusida ham jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun IIV rahbariyati tomonidan doimiy nazorat olib boriladi»,- deyiladi xabarda.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring

 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring