Iqbol Mirzo Sherali Jo‘rayevga atab she’r yozdi

So‘nggi kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayevning sog‘ligi yomonlashgani bilan bog‘liq turli xabarlar tarqaldi. Qator ijodkor, jurnalist va Jo‘rayevlar xonadoniga yaqin bo‘lgan insonlar ushbu xabarlar asossizligini aytib, xofizni ayni paytda Turkiyada ta’lim olayotgan qizining oldiga ketgani haqida ma’lum qilishdi, deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

"Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida Sohibjon Alijonov O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayev haqqiga duo qilib yozgan she’ri bilan bo‘lishdi. 

SHERALI HOFIZ HAQQIGA

Реклама на Unews

Dilingizga Haq mug‘anniy so‘z solsin,

Kaftingizga farishtalar ko‘z solsin,

Dadam uni Sheralijon der edi,

Реклама на Unews

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

U kuylasa, qo‘yilardi qoshiqlar,

Unga oshno oshiqlaru ma’shuqlar,

Milliy g‘oya bo‘lgan teran qo‘shiqlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

O‘zbegim, deb na’ra tortgan chog‘lari

Ariganday bo‘ldi elning dog‘lari,

Esga tushdi do‘ppi-yu belbog‘lari,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Kimlarga tog‘, kimlargadir qir umr,

Kimlarga jo‘n, kimlargadir sir umr,

Qishin-yozin xizmat qildi bir umr,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Rahmat, sizga, boshidan pul sochganlar,

Yaxshi kunda katta quchoq ochganlar,

Yomon kunda to‘yda ko‘rsa qochganlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Hayot ekan, ko‘rdik allakimlarni,

Kim zo‘r bo‘lsa, ta’qiq toshin ilardi.

O‘zi pinhon Sheralini tinglardi,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Navoiyni elga yoygan ustoz u,

Bobur Mirzo ilkidagi shahboz u,

Allaqachon klassik u, mumtoz u,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Kambag‘alning darmonidir navosi,

Qo‘lin olmoq ulusning muddaosi,

Jigarimiz, oilamiz a’zosi...

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Qo‘shig‘ini aytib shuhrat topganlar,

Shuhrat kirgach, eshigini yopganlar,

To‘ralarning davrasiga chopganlar,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Xalq so‘rasa, Xalloq bermay qo‘ymaydi,

Bir tan bo‘lib birlashmasak bo‘lmaydi,

Xalq birlashsa, chin Hofizi o‘lmaydi,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

Hofiz ulkim, Haq mushafin yod etgan,

Muslim ulkim, kufriyatni yot etgan,

Inson ulkim, millatim deb dod etgan,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

 

She’r yozmadim, duo yozdim subhidam,

Sherakadek kuldi ro‘yi tal’at ham.

U sog‘ayar, sog‘ayadi san’at ham,

Duo qiling, Sheralijon tuzalsin.

IQBOL MIRZO

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring