"IIB xodimlari fuqaroni ruxsatsiz videoga olishlari mumkinmi?" IIBB ijtimoiy tarmoqda tarqalgan murojaatga izoh berdi

Internetda 9 oktyabr kuni soat 00.40 atrofida Mirzo-Ulug‘bek tumani Osiyo ko‘chasida avtomobil yo‘lovchisi va Ichki ishlar vazirligi xodimi o‘rtasida sodir bo‘lgan voqea videosi tarqaldi. 

Mazkur fakt bo‘yicha Toshkent shahar IIBB rasmiy izoh berdi.

Unda bildirilishicha, video, hujjatlarini tekshirish uchun to‘xtatilgan Kobalt avtomashinasi yo‘lovchisi tomonidan suratga olingan. Salonda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan fuqaro holat videoga olinayotganidan norozilik bildirgan. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi yo‘lovchiga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining xizmat olib borishlari videoga olinayotganini tushuntirdi, ammo tushuntirishlar yo‘lovchini qoniqtirmagach u mobil telefonining kamerasini yoqqan. Shu munosabat bilan biz quyidagilar to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishni lozim topdik.

Реклама на Unews

Hujjatlar tekshirilib, profilaktik suhbat o‘tkazilgach, fuqarolar qo‘yib yuborildi. Xodimlarning harakatlari qonun doirasidan chiqmagan va fuqarolarning huquqlari ham buzilmagan. O‘zbekiston Respublikasining "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolardan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga haqlidirlar (17-modda). Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari (16-modda) o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishga majburdirlar. Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan qonunga (10-modda) muvofiq fuqarolar, barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishlari lozim.

Shuningdek IIBB ma’lum qilishicha, shu kunlarda poytaxtda prokuratura xodimlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birgalikda jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etishga moyil shaxslarni, shu jumladan pichoq olib yurgan fuqarolarni aniqlashga qaratilgan profilaktika choralar ko‘rilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari ham mazkur tadbirlarda qatnashmoqdalar, tadbirlarning natijalari telekanallarda, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.

Реклама на Unews

"Hurmatli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari! Biz sizni befarq bo‘lmaslikka, sizga ma’lum bo‘lgan qonun buzilishi faktlari to‘g‘risida xabar berishga, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini tushunishga chaqiramiz", deyiladi boshqarma izohida.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring