Hokimlar xorijga ishlashga ketganlar xonadonidan xabar oladi, mehnat stajini hisoblash tizimi migrantlar uchun ham tatbiq etiladi

Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi,  deb yozmoqda "Darakchi.uz" nashri.

Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz elchixonalari o`zga davlatlardagi vatandoshlarimiz diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlashi lozimligini alohida ta`kidladi. Yurtparvarlik, mehr-oqibat hissi bilan xorijdagi fuqarolarimizga yordam berib kelayotgan shaxslarni e`tirof etish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash bo`yicha takliflar bildirildi.

Chet elda mehnat qilayotganlarni vatani bilan bog`lab turadigan eng katta vosita madaniyat ekanini inobatga olib, ular uchun shunday tadbirlarni ko`paytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, televidenieda O`zbekiston elchixonalari va konsulliklarining xalq xizmatidagi faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etildi.

Реклама на Unews

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sog`lig`i, farzandlarining o`qishi va boshqa ehtiyojlariga ko`maklashish vazifasi qo`yildi.

Xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash zarurligi ta`kidlandi. Shu maqsadda ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy qo`llab-quvvatlaydigan tizim yaratilishi belgilandi.

Buning uchun sektor rahbarlari, mehnat va mahalla idoralari vakillari o`z hududidagi shunday tashabbuskorlar ro`yxatini shakllantirib, ularning biznes loyihasi bilan tanishadi. Ro`yxatdan o`tishga ko`maklashib, 3 oygacha ijara to`lovlari bo`yicha subsidiya beriladi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit resurslari ajratiladi hamda bank kreditlari ta`minoti bo`yicha sug`urta polisi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu maqsadlarga Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan yil yakuniga qadar 25 milliard so`m, kreditlar uchun 100 milliard so`m ajratiladi.

Реклама на Unews

Yana bir masala – xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat stajini hisobga olish tizimida atigi 4,5 ming nafar kishi ro`yxatga olingan. Shu bois mutasaddilarga o`zini o`zi band qilgan shaxslarni ro`yxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimini migrantlar uchun ham tatbiq etish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Bosh vazir o`rinbosarlariga tashkillashgan migrasiya bo`yicha iqtisodiy, moliyaviy va tashkiliy-huquqiy ko`mak tizimini joriy etish yuzasidan alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Unda mamlakatimizda kasb va tilga o`rgatish, xorijda ishlash ko`nikmalarini shakllantirish, yo`lkira, patent, sug`urta, pensiya va kredit masalalari qamrab olinadi. Shuningdek, hukumatlararo komissiyalar doirasida xorijdagi yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratish, chet eldagi banklar orqali ularni kreditlash mexanizmlari nazarda tutiladi.

Yig`ilishda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari, elchilar axborot berdi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring