Har bir hududga 10 mlrd. so`mdan mablag` ajratib uy-joyga muhtoj ayollar uy bilan ta`minlanadi — Tanzila Narbaeva

Xabar berilganidek, bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda.

Majlisni olib borayotgan parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva o`z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga to`xtalib, aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, jumladan, kambag`allikni qisqartirish bo`yicha boshlangan ishlar yanada aniq va jadal tus olganini ta`kidladi.

– Xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashning izchil mexanizmlari joriy qilindi, – dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva. – Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Senat Raisi boshchiligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Mazkur Kengash xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash bilan bog`liq kompleks masalalarni hal etishga mas`ul bo`ladi. Ayollar bandligini ta`minlash, jumladan, joriy yilda 70 mingga yaqin xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo`yicha aniq vazifalar belgilandi. Qolaversa, ayollarimizning salomatligini saqlash bo`yicha dolzarb vazifalar qo`yildi. Yil yakuniga qadar 9 million ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi.

Реклама на Unews

Bundan tashqari, yolg`iz ayollarimiz ham alohida e`tiborda bo`ladi. Ularning bolalarini bog`chaga qabul qilish va to`lovlarini qoplash borasida ham engilliklar bo`ladi.

Yana bir jihat. Ayni paytda ehtiyojmand ayollarimiz uy olishi uchun boshlang`ich badal pulini to`lab berish tizimi mavjud. Endilikda bu borada qo`shimcha choralar ko`riladi. Har bir hududga 10 mlrd. so`mdan mablag` ajratish orqali uy-joyga muhtoj ayollar uy bilan ta`minlanadi.

Bularning barchasi ayollarimizning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, orzu-intilishlarini ro`yobga chiqarish va hayotdan rozi bo`lib yashashlari uchun olib borilayotgan sa`y-harakatlardir, desak mubolag`a emas.

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring