Endi 15 million so‘mi bor odam uyli bo‘lishi mumkin

"Ipoteka” banki departamenti direktori Dilmurod Ishoqov bilan suhbatlashdi, deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

– Endilikda ipoteka krediti bo‘yicha bir qator imtiyozlar  belgilanmoqda. Bundan tashqari, shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi. Daromadi past, uy-joyga ehtiyojmand bo‘lgan oilalar uchun o‘sha 15 foizlik badal miqdorining 10 foizi davlat tomonidan subsidiya sifatida to‘lab beriladi. E’tiborli jihati, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba joriy yilda 54 ming nafar oila uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 3 baravarga ko‘p,–deydi D.Ishoqov.

–O‘tgan yillarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2009-2016 yillarda, ya’ni 8 yil davomida 69,5 mingdan ziyod uy-joy qurildi. Buning uchun davlat byudjetidan 8,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. 2016-2020 yillarda bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshib, davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ so‘mmasi 17, 5 trillion so‘mni tashkil etdi. Shu 4 yil ichida davlat dasturlari asosida 140 mingta uy-joy barpo etildi.  Shuncha oila uy-joylik bo‘ldi. Ammo shunga qaramay uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqori. Yana minglab uy-joylar qurishni hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Реклама на Unews

Aholini uy-joy bilan ta’minlashda bu yil juda katta marra olingan. O‘zbekiston tarixida birinchi marta 2021 yilda yangi tartib doirasida, mamlakatimizda jami 33 ming 114 ta kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar, qishloq joylarda 8 ming 336 ta kvartiradan iborat ko‘p qavatli arzon uy-joylar, fuqarolarning alohida toifalari uchun 3 ming 550 ta kvartiradan iborat ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Mazkur uylar aholiga ipoteka kreditlari asosida beriladi.  

Mazkur uylarni qurish uchun davlat byudjetidan 11 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Buni 2020 yilda yo‘naltirilgan mablag‘lar bilan taqqoslaganda 4 barobarga ko‘p. Eng muhimi, barpo etilayotgan yangi turarjoy majmualari aholiga qulay imkoniyatlar asosida taqdim etiladi.

Ya’ni kiritilayotgan qo‘shimcha imtiyozlarda aholi uchun dastlabki badal miqdori sezilarli darajada kamayadi.  

Реклама на Unews

Masalan, 2020 yilda 300 millionlik uylarning boshlang‘ich badali 60 million so‘m edi. Bu boshlang‘ich badalga subsidiya to‘lanmasdi. Endilikda 300 millionlik uyning boshlang‘ich badali 45 million so‘m belgilanyapti. Past daromadli aholi boshlang‘ich badalning 5 foizini to‘laydi. Demak, boshlang‘ich badal – 300 millionning 5 foizi 15 million so‘m bo‘ladi. Yana bir ma’lumot: oylik to‘lovlar ham o‘z-o‘zidan kamayadi. Ilgari bir oyda o‘rtacha to‘lov 4 million 200 mingni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir 3 million 700 mingga tushayapti. Ya’ni 500 ming so‘mga  kreditning oylik to‘lovi yengillashayapti. Shundan fuqaro to‘laydigan qismi 2 million 200ming so‘mni tashkil qilyapti.

Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etildi (ilgari AndijonNamangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy etilgan edi).

Bunda kreditlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda 500 ta, jami 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratiladi. Shuningdek, kreditlar ipoteka kreditining eng ko‘p miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo‘shgan holda) muddatga ajratiladi.

Qolaversa, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki 5 yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.

E’tiborlisi, subsidiyalar qurilgan (rekonstruksiya qilingan) yakka tartibdagi uy-joyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan oyning keyingi oyidan boshlab to‘lanadi.

Subsidiya olish uchun arizachining daromadlariga yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin. Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi.  

Unga muvofiq, fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin, subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin, subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni (ma’lumotlarni) talab qilish man etiladi. Uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar, shu jumladan, xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun uy-joylar sotib olinadi (1 000 ta kvartira).  

2021 yil 1 iyundan Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 6 oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida, biroq BHMning ikki yarim baravaridan oshmagan holda oylik pul kompensasiyasini to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Farmonga ko‘ra, ijtimoiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, kompensasiya, subsidiyalar va davlat tomonidan taqdim etiladigan boshqa imtiyozlarni adolatli taqsimlash hamda ulardan samarali foydalanish maqsadida “Xalqparvar” komissiyalari tashkil etiladi.  

2021 yil 1 maygacha aholiga qulay shaklda ma’lumotlarni taqdim etuvchi ipoteka bozori veb-portali ishga tushiriladi.

 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring