Eldor Shomurodov va 61 ta gol!

 
“Roma” uchun yangi mavsum rasman 19 avgustdan boshlanadi. Shu kuni Joze Mourino shogirdlari UYEFA Konferensiyalar kubogi musobaqasidagi ishtirokini turnirning pley-off bosqichidan boshlaydi.

Rimliklar pley-offdagi dastlabki uchrashuvni Turkiyada “Trabzonspor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Katta ehtimol bilan, rimliklarning asosiy hujumchisi va to‘purariga aylanib borayotgan legionerimiz Eldor Shomurodov ham “Roma”dagi ilk rasmiy debyutini ana shu bahsda nishonlaydi.

Jamoalarning javob o‘yini 26 avgust kuni Rimda bo‘ladi. “Roma” A Seriyadagi ilk uchrashuvini 22 avgust kuni o‘z maydonida o‘tkazib, “Fiorentina” futbolchilarini qabul qiladi.

Fursatdan foydalanib, Sports.uz sayti muxlislar e’tiborini Eldor Shomurodovning professional futbolchi sifatida urgan gollariga qaratadi. Ta’kidlash joizki, hujumchimiz aksariyat gollarini xorij chempionatlari va xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarda kiritgan ekan.

Barchamizga ma’lumki, “Mash’al” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Shomurodov yurtimizdagi gollarining barchasini keyingi klubi - “Bunyodkor” tarkibida kiritgan. Superliga bahslarida Eldor o‘z hisobiga jami o‘nta gol yozib qo‘ygan. “Qaldirg‘ochlar” safida Osiyo chempionlar ligasi saralash bahslarida uchta o‘yinda bir juft to‘p kiritgan bo‘lsa, asosiy musobaqada 14 marotaba maydonga tushib, bir gol muallifi bo‘lgan. Demak, hujumchimiz o‘zbek klubida xalqaro maydonda uchta gol kiritgan.

Shomurodov ilk bor 2017 yili Rossiya premer-ligasi vakili “Rostov” bilan shartnoma imzolab, legioner maqomini olgan edi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda rostovliklar o‘zbek hujumchisi uchun 300 ming yevro xarajat qilgan.

To‘liq bo‘lmagan to‘rt mavsum davomida Rossiya chempionatida ishtirok etgan futbolchimiz premer-ligada jami 80 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 16 marotaba ishg‘ol qildi. Shu yillar davomida Eldor “Tosno”ga ikkita, “Krasnodar”, “Lokomotiv”ga ikkita, “Spartak”, “Orenburg”, “Arenal”, “Ural”, “Krilya Sovetov”, “Rubin”, “Tambov”, “Dinamo”, “Axmat” va SSKAga jamoalari darvozasiga bittadan to‘p kiritdi. Jami o‘n marta jamoadoshlariga golli pas uzatdi.

Shuningdek, Eldor Shomurodov Rossiya kubogi musobaqasida o‘nta o‘yinda bitta gol va ikkita golli pas muallifi bo‘ldi.

Shomurodov “Rostov” tarkibidagi oxirgi golini 2020 yilning kuzida Yevropa ligasi saralash musobaqasi doirasida Isroilning “Makkabi Xayfa” darvozasiga kiritganini alohida ta’kilash lozim.

2020 yilning 1 oktabrida “Rostov” asosiy hujumchisini umumiy hisobda bonuslarni qo‘shganda 9 million yevro evaziga “Jenoa”ga transfer qildi.

Shomurodov A Seriyada ham to‘purarlik mahoratini namoyish qila oldi. Italiya chempionatida “Parma”, “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari” darvozasini bir marotabadan aniq nishonga olgan bo‘lsa, “Atalanta” darvozabonini ikki bor o‘z darvozasi to‘ridan to‘p olib chiqishga majbur qildi.

Kuchli beshlik chempionatlari orasida murakkabligi bilan ajralib turadigan A Seriyada o‘zini ko‘rsata olgan o‘zbek hujumchisini “Roma” 17,5 million yevroga transfer qildi. Eldor Rim klubiga ko‘chib o‘tganga qadar “jenoa” tarkibida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etib, bittadan gol urgan edi.

Hamyurtimiz bu yoqimli seriyani “Roma”da ham davom ettirmoqda. U rimliklarning “Betis” va “Raja Kasablanka”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida to‘liq harakat qilmagan bo‘lsa-da, bevosita to‘rtta golda ishtirok etdi. Shulardan ikkitasida o‘zi darvozaga yo‘l topdi.

Hujumchimiz statistikasiga e’tibor bersak, hozirgacha Shomurodov O‘zbekiston Superligasi va kubogi, Rossiya premer-ligasi va kubogi, Italiya A Seriyasi va kubogi, shuningdek, Osiyo chempionlar ligasi hamda Yevropa ligasi doirasida 181 ta rasmiy bellashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 39 ta gol va 15 ta golli pas yozdirib qo‘ygan.

Uning yuqorida ko‘rsatilgan 39 ta goliga O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jami 49 ta uchrashuvda urgan 22 golini qo‘shsak, bu ko‘rsatkich 61 taga yetadi.

Bundan buyog‘iga Eldor “Roma” hujumchisi sifatida ham o‘yinini, ham statistikasini oshirib borishiga umid qilamiz.

Yangi mavsumda yorqin lahzalaring ko‘p bo‘lsin, Eldor!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring