Dunyoga vabo epidemiyasi xavf solmoqda. O`zbekistonda vaziyat qanday?

So`nggi kunlarda JSST tomonidan yana to`rt mamlakatda vabo epidemiyasi qayd etilgani, Er yuzida vabo kasalligining tarqalish xavfi juda yuqoriligi, Xalqaro ekspertlar vaboga chalinganlar o`rtasida o`lim darajasi sezilarli darajada ortgani ma`lum qilindi.

 

Vabo kasalligi bo`yicha dunyodagi epidemik vaziyat hamda Respublikada kasallikni kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan berilgan savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  qo`mitasi boshqarma boshlig`i Rustamjon Ikromov javob berib o`tdi.

– Suhbat avvalida vabo kasalligi bo`yicha dunyodagi epidemik vaziyatga to`xtalib o`tsangiz.

Реклама на Unews

 

– Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, 2023 yil boshidan buyon dunyoning 26 davlatida vabo kasalligi qayd etilgan. Kasallanganlarning soni 25,9 mingdan ortiq kishini tashkil etgan bo`lsa, ularning 735 nafari o`lim bilan yakunlangan. Shuningdek, 129 mingdan ortiq kishi vaboga kasalligiga shubha qilingan. Kasallik eng ko`p Afrika qit`asi davlatlarida (23 mingdan ortiq) ro`yxatga olingan. (Kongo Demokratik Respublikasi (11,1 ming), Nigeriyada (5 mingdan ortiq), Somali (1,6 ming), Keniya (1,1 ming kishi) mamlakatlariga to`g`ri keladi)). Nigeriya shimoli-sharqidagi ikki shtatda (Adama va va Borno) vabo epidemiyasi davom etmoqda.

– Dunyodagi bu kabi epidemik vaziyatni murakkablashishiga nima sabab bo`lmoqda?

– Aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan etarlicha ta`minlanmaganligi epidemik vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Реклама на Unews

– Yurtdoshlarimizni qiziqtirayotgan savol – O`zbekiston Respublikasida vabo kasalligini kirib kelishini va tarqalishini oldini olish uchun qanday choralar ko`rilmoqda? Xavotirlanishga hojat bormi?

– O`zbekiston Respublikasi hududiga 2023 yilda karantin va o`ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o`rtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi. Bugungi kunda mamlakatimiz hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo`yicha davlat chegaralarini kesishish joylarida 48 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda. Sanitariya – karantin punktlari tomonidan 2022 yilda 1 070 683 avtotransport ko`rilgan, 13 273 020 nafar fuqaro tibbiy-sanitariya nazoratidan o`tkazildi. Nazoratdan o`tkazilganlar orasida 3995 nafar yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanib, ularga nisbatan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib borildi. AQShning SDS tashkiloti homiyligida Xalqaro migrasiya tashkiloti ko`magida “COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va O`zbekistonda chegara salomatligini yaxshilash” loyihasi asosida respublikaning o`tkazuvchanligi yuqori bo`lgan 8 ta sanitariya – karantin punktlari 20 xil turdagi zamonaviy jihoz va tibbiy anjomlar (teplovizor, kompyuter, kondensioner, mebellar va hokazolar) bilan ta`minlandi.

– Ayting-chi, respublikamizga kasallikni kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  qo`mitasi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Barcha ma`muriy hududlarda vabo tarqalishiga qarshi epidemiologik nazoratni kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilgan holda aholi o`rtasida sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi yuzasidan targ`ibot-tushuntirish ishlarini olib borish, ijtimoiy muassasalar: maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalari, oliy o`quv yurtlari va boshqa ob`ektlarni sanitariya-gigiena norma va qoidalariga rioya qilishni ta`minlash yuzasidan xabardor qilish, vaboning tarqalishini oldini olish va kamaytirish uchun mamlakatdagi laboratoriyalarda vaboni tezkor aniqlash va tashxislash uchun zaruriy diagnostikumlar bilan ta`minlash, vaboning oldini olishga mas`ul bo`lgan, barcha jalb qilingan xizmatlar va tashkilotlar ishtirokida 14 ta ma`muriy hududda bemorlarni boshqarish bo`yicha taktik mashg`ulotlar o`tkazish, kerakli miqdordagi dori vositalari, shu jumladan og`iz orqali regidratasiya qilish vositalarini zaxirasini yaratish va OR punktlarini tayyorlash belgilandi.

– JSST vabo tarqalishining oldini olish uchun qanday tavsiyalar bermoqda?

– Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti kasallikning tarqalishini oldini olish uchun toza suv va sanitariya sharoitlarini yaxshilashni tavsiya qiladi. O`limni kamaytirish uchun vaboni davolash markazlari va og`iz regidratasiyasi bo`limlarini tashkil etish orqali tibbiy yordamdan foydalanishni yaxshilashni o`z ichiga olgan epidemiyani boshqarishni amalga oshirish kerak. Og`iz orqali vaboga qarshi vaksinalarni (OCV) vabo epidemiyalarini nazorat qilish va vabo xavfi yuqori bo`lgan hududlarda qo`llanilishi kerakligini tavsiya etmoqda. Bundan tashqari, epidemiya sezilarli transchegaraviy harakat mavjud bo`lgan chegara hududlarida sodir bo`lganda JSST manfaatdor mamlakatlarni hamkorlikka va muntazam ravishda ma`lumot almashishga chaqirmoqda.

– Sayohat qilishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi tomonidan nimalar tavsiya qilinadi?

– Sayohat qilishni rejalashtirishayotgan aholi quyidagi ma`lumotlarga e`tibor qaratishlari so`raladi.

* Yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish uchun infeksiyani va kasallikning keyingi rivojlanishini oldini olish uchun ehtiyot choralarini ko`rish;

* faqat ishonchingiz komil bo`lgan ovqatni iste`mol qilish;

* faqat kafolatlangan xavfsiz suv va ichimliklar (ichimlik suvi va zavod qadoqidagi ichimliklar, qaynatilgan suv) ichish. Xom suvdan tayyorlangan muzlarni iste`mol qilmaslik;

* go`sht, baliq, dengiz mahsulotlarini termik ishlovdan so`ng iste`mol qilish;

* oziq-ovqat mahsulotlariga zarurat tug`ilganda faqat ixtisoslashtirilgan do`konlar yoki zavod qadoqlaridagi mahsulotlarni sotib olish;

* meva va sabzavotlarni xavfsiz suv bilan yuvib, qaynoq suv bilan chayish;

* ovqatlanishdan oldin har doim qo`lingizni sovun bilan yaxshilab yuvish;

* suv havzalari va hovuzlarda cho`milish yoki suzish jarayonlarida og`iz bo`shlig`iga suv kirishiga yo`l qo`ymaslik;

* turg`un va sekin oqadigan suv havzalarida cho`milmaslik, bu sog`liq uchun o`ta xavfli hisoblanadi.

Shuningdek, iloji boricha mahalliy umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlaridan foydalanmaslik va notanish eguliklarni tatib ko`rmaslik, bozor va rastalardan ishlab chiqarilishi no`malum bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilmaslik, uy sharoitida tayyorlangan noz-ne`matlarni iste`mol qilmaslik tavsiya etiladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring