BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

Dollarning so‘mga nisbatan kursida keskin ko‘tarilish kutilmayapti — Markaziy bank

Joriy yilning 9 oyidagi ichki valyuta bozoridagi holat va 2020-yil yakuniga qadar kutilayotgan tendensiyalar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarni ma’lum qildi, deb yozmoqda "Xabar.uz" nashri.

So‘nggi ikki oy davomida karantin bilan bog‘liq cheklovlarning yumshatilishi hamda iqtisodiy faollikning asta-sekinlik bilan tiklanib borishi ta’sirida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning nisbatan yuqori darajada bo‘lishi kuzatildi. Bu asosan karantin sharoitlarida qondirilmagan talabning ma’lum bir kechikish orqali yuzaga chiqishi bilan izohlanadi.

2020-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan jami 10,7 mlrd. dollarlik xorijiy valyuta sotib olindi. Mazkur davrda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 7,0 mlrd. dollarni tashkil etib, qolgan 3,7 mlrd. dollarlik talab esa Markaziy bankning intervensiyalari hisobiga to‘liq qondirildi.

Hisobot davrida ichki valyuta bozoridagi Markaziy bankning intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining neytralligi tamoyiliga asoslangan holda, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin miqdori doirasida amalga oshirildi.

Markaziy bank kelgusi oktyabr-dekabr oylari davomida ham ushbu tamoyilga asosan ichki valyuta bozoriga intervensiyalarni amalga oshirib boradi. Bunda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi kuzatilgan holatlarda, zaruriyatga qarab, yil boshidan oltin xaridi va amalga oshirilgan intervensiya operatsiyalari o‘rtasidagi tafovutdan hosil bo‘lgan 300 mln. dollar miqdoridagi valyuta zaxirasi ham ushbu maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin.

2020-yilning 9 oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Sentyabr oyida pul o‘tkazmalari miqdori 638 mln. dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan foizga oshdi. Bu o‘z navbatida, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining muvozanatlashib borayotganligidan dalolat beradi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,2 mlrd. dollarni tashkil etib, ayni paytda ular tomonidan 2,9 mlrd. dollar sotib olindi.

Hozirgi kunda jismoniy shaxslar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari  kassalarida naqd xorijiy valyuta qoldig‘i 480-550 mln. dollarmiqdorida bo‘lishi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda tijorat banklari taqdimnomalariga asosan ushbu operatsiyalar uchun yana qo‘shimcha xorijiy valyuta bilan ta’minlanib kelmoqda. 

Valyuta kurslarining shakllanishi va dinamikasi

Chet el valyutalarining milliy valyutaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kurslari haftada bir marta belgilanib, dushanba kuni e’lon qilib boriladi.

Bunda AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursini belgilashda hafta davomida O‘zbekiston respublika valyuta birjasidagi kunlik banklararo savdo sessiyalarida mavjud talab va taklif nisbatiga ko‘ra shakllangan kurslarning o‘rtacha tortilgan miqdoridan kelib chiqiladi.

Joriy yilning aprel oyidagi to‘g‘irlanishdan so‘ng, so‘m almashuv kursi nisbatan barqaror dinamika ko‘rsatmoqda. Xususan, milliy valyuta kursi yanvar-aprel oylarida 6,6 foizga pasaygan bo‘lsa, may-sentyabr oylari davomida 2 foizga pasaydi. 

Umuman olganda, 2020-yil 9 oyi davomida milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi – 8,6 foizga qadrsizlandi.

Yil yakuniga qadar milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillar ta’sirida, ichki valyuta bozoridagi mavjud talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib shakllanib boradi.

Umuman olganda, ichki iqtisodiy faollikning tiklanish sur’atlari va asosiy tashqi savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy sharoitlarda 2020-yil yakuniga qadar ichki valyuta bozorida holatning nisbatan barqaror shakllanishi, almashuv kursining keskin tebranishlariga olib keluvchi fundamental omillar xatarlari ehtimoli pastligi kuzatilmoqda. Bunda yil so‘nggiga qadar ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif mutanosibligini saqlash yuzasidan yetarli sharoitlar mavjud.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Fikr qoldiring