AQSH Afg‘onistonning Amerika banklaridagi davlat zaxiralarini muzlatib qo‘ydi

AQSH Afg‘oniston hukumatining Amerika banklaridagi zaxiralarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda The Washington Post manbalarga tayanib xabar berdi.

Ushbu qarorni AQSH moliya vaziri Janet Yellen Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi va Davlat departamenti bilan kelishgan holda qabul qilgan. 15 avgustda, «Tolibon» Kobulni egallab olgan kuni, shunday qarorga kelingan.

Xalqaro valyuta fondi (XVF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil aprel oyi holatida Afg‘oniston hukumati zaxiralari 9,4 milliard dollar bo‘lgan, bu mamlakat yillik yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Bu mablag‘lar asosan AQSHda saqlanadi, Amerika banklaridagi mablag‘larning aniq miqdori noma’lum, ammo Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, bu milliardlab dollarni tashkil qiladi.

Shuningdek, AQSH «Tolibon»ning XVFdagi qariyb 500 million dollarlik zaxiralarga kirishini to‘sishga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan hafta «Tolibon» Afg‘onistonning bir qancha viloyat markazlarini egallab olganidan so‘ng, AQSH Moliya vazirligi pul «Tolibon» qo‘liga tushmasligi uchun mamlakatga naqd dollar yetkazib berishni to‘xtatish to‘g‘risida shoshilinch qaror qabul qilgandi. Valyutaning navbatdagi partiyasi allaqachon jo‘natishga tayyor edi, deyiladi Dow Jones xabarida.

15 avgust kuni mamlakatni tark etgan Afg‘oniston Markaziy banki gubernatori Ajmal Ahmadiyning jurnalistlarga aytishicha, Afg‘oniston markaziy bankining zaxiralari 9 milliard dollarga yaqin, lekin ularning deyarli barchasi mamlakat tashqarisida saqlanadi.

«AQSH bu zaxiralarga kirishni to‘sish choralarini ko‘rgach, ‘Tolibon’ ushbu miqdorning taxminan 0,1 foizini olishi mumkin bo‘ladi», — dedi Ahmadiy.

17 avgust kuni AQSH hukumati «Tolibon»ga qarshi qo‘shimcha iqtisodiy sanksiyalar joriy etish imkoniyatini rasman e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, «Tolibon»ni Afg‘onistondagi majburiyatlarini bajarishga undash uchun AQSH sanksiyalar kiritishi, shuningdek, «xalqaro ayblov va yakkalab qo‘yishdan foydalanib» choralar ko‘rishi mumkin.

«Men nima qilishimiz mumkinligi haqida to‘liq reja tafsilotlarini aytmoqchi emasman. Ammo sanksiyalar joriy etish, xalqaro ayblov va yakkalashdan foydalanish, shuningdek, boshqa qadamlar bilan bog‘liq aniq jihatlar bor», — dedi AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring