Alisher Qodirov 100-200 kishilik to`ylarni o`tkazish yo`llarini izlayotganlarga murojaat qildi

Xabaringiz bor, Maxsus komissiyaning qarori bilan 2020 yil 15 avgustdan O`zbekistonda karantin cheklovlarining yumshatilishi asnosida 30 kishidan iborat bo`lgan to`y va marakalarga ham ruxsat berildi. Biroq, ushbu engilikni suiste`mol qilib, fuqarolar tomonidan to`y-tadbirlarda odamlar sonini 100 va undan ortiq nafarga oshirish yoki bir necha kunlab tadbirlar qilish holati kuzatilmoqda,  deb yozmoqda "Darakchi.uz" nashri.

"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov karantin talablariga emas orzu-xavas hirsiga quloq solayotgan yurtdolarimizga murojaat qildi:

Saylovchilarning savollaridan ma`lum bo`lmoqdaki, odamlar 100-200 kishilik tadbirlarni o`tkazish yo`llarini izlashmoqda: “30 tadan 5 marta yig`sa nima bo`ladi?", “Alohida uylarda o`tadigan tadbirlarning hisobi birlashadimi?”, “Hovlimga 300 nafar odam sig`adi, xavfsizlikni ta`minlayman, ruxsat bo`ladimi?", “Mahalla raisi bilan nozirni ko`ndirib, imi-jimida o`tkazib olsak, kim e`tiroz qiladi?" va hokazo...

Реклама на Unews

Uyingizga ko`p odamni jamlash davlatga emas, avvalo o`zingizga zarar:

Birinchidan, taklif etilganlarni sog`lom ekanligi, ya`ni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;

Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;

Реклама на Unews

Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz a`zolari ham bo`ladi;

To`rtinchidan, jarima to`laysiz;

Arziydimi?

Qolaversa, masala virusda ham emas! To`y nima o`zi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni o`qish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib bo`linadi. Dasturxon - ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bog`liq masaladir. Farzandlarini qo`llab-quvvatlamoqchi bo`lgan ota-onalar sovg`alarini, yosh oilaga madad bo`lmoqchi bo`lgan qondoshlar to`yonalarini hammaga ko`rsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq bo`lmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qo`yish imkoniyatiga ega bo`ladilar.  

Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obro`ni ko`z-ko`z qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murg`ak havaslari ko`pkariga tashlangan uloqchadek chilparchin bo`lib ketayapdi. Yosh oila kimo`zarchi ota-onalar “ko`magida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolayapdi. Sohta va befoyda e`tirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan bo`lib qolayapdi va birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketayapdi.  

Kim nima eksa shuni o`radi. O`zbek xalqi yuz yildan beri hech narsa o`rmayapdi. Ba`zi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning o`rnimizga ham.  

To`y-ma`rakalardagi xo`jako`rsin raqobatdan bosh ko`tarib, tarbiya, ilm-ma`rifat, iqtisodiy taraqqiyot yo`lida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?  

Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga to`y qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.

O`zbekistonni o`zgartirish uchun o`zimizni o`zgartirishimiz kerak", - o`z mulohazalarini yakunlagan deputat.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring