Afrikada xavfli va davosiz xastalik tarqalmoqda: qurbonlar bor

G‘arbiy Afrikaning Gana mamlakatida Marburg virusi bilan kasallangan ikki nafar bemor aniqlandi.

Kuchli gemorragik isitma va o‘limga sabab bo‘luvchi ushbu xastalik oqibatida 26 va 51 yoshli fuqarolarning har ikkisi ham hayotdan ko‘z yumgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Marburg virusi Ebola singari o‘ta yuqumli bo‘lib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. Qolaversa, bu xastalikka qarshi vaksinalar ham yaratilmagan.

Реклама на Unews

Shunga qaramay, ba’zi ekspertlar Ebola dorilari Marburgni davolashda samara berishi mumkinligiga ishonadi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, xastalik alomatlari to‘satdan boshlanadi va bemor yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i hamda bezovtalikdan aziyat chekadi.

Mushaklarda og‘riqlar kuchayib, tez-tez sudirgi yuz beradi. Qolaversa, ganalik ikki bemorda diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish holatlari ham kuzatilgan.

Реклама на Unews

Kasallikning beshinchi kunida ko‘krak, orqa va qorin bo‘shlig‘ida toshmalar paydo bo‘lishi mumkin. Og‘ir vaziyatlarda esa sakkizinchi-to‘qqizinchi kunga borib o‘lim holati sodir bo‘ladi.

Hozir Gana hukumati virus tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 100 ga yaqin kishi qat’iy karantinga olingan. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir guruh mutaxassislarini ushbu mamlakatga safarbar etyapti.

Tahlillarning tasdiqlashicha, Marburg virusi insonlar o‘rtasida tana suyuqliklari (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqalishi mumkin.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring