"Adolat" SDP O`zbekistonda Tik-tok ni butunlay bloklashni taklif qildi

Bu haqda partiya axborot xizmati xabar berdi. 

Partiya bu izohni quyidagicha izohladi. 

"Bugungi yosh avlodning “ Tik-toker” lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida o`zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham  ko`payayotganligi mazkur masalaga jiddiyroq yondashishimiz lozimligidan dalolat beradi. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko`chada ketayotgan kishini tepgan Samarqandlik yigit video  tasviri ham shular sirasidandir. Biron bir  sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” bo`lish ilinjida qasddan qilingan ushbu tajovuzkorlik, ko`pchilikning  noroziligiga sabab bo`lmoqda. Vaholanki, hech qanday omil yoshi ulug` insonlarga nisbatan  qo`pol munosabatda bo`lishga sabab bo`la olmaydi. Bunday holatlar millatimiz, ma`naviy-madaniy qarashlarimizga tamomila zid tushunchalardir. Azal-azaldan yoshlarni kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ruhida tarbiyalab keladigan xalqimiz orasida qadriyatlarimizga yot bo`lgan bunday xunuk odatlar avj olib borayotgani g`oyatda achinarlidir. Mazkur voqea yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida videodagi holatni sodir etgan yigitlar Samarqand  shahridagi 45-maktabning 8-sinf o`quvchilari ekanligi aniqlanib, voyaga etmagan yigitlarning ota-onalariga nisbatan tegishli choralar ko`rilgan.

Реклама на Unews

Bir bolaga etti mahalla ota-ona.- deydi dono xalqimiz. Yon-atrofimizda sodir bo`layotgan bunday ayanchli voqealar ko`payib borayotganiga  qaysidir ma`noda bebosh yoshlarning ota-onalari barobarida  biz ham birdek javobgar emasmizmi? Bunday illatlarga birgalikda kurashmas ekanmiz, pana-panalarda mayda bezoriliklar avj olib boraveradi. Umuman olganda bunday holatlarni mayda bezorilik deb ham atab bo`lmaydi. Qadriyatlarimizga zid qarashlar ortidan ergashayotgan farzandlarimizning  bunday xunuk xatti-harakatlarini shunchaki yoshlik beboshliklariga yoyib yuraverar ekanmiz, yurtimiz va davlatimiz yorqin kelajagini jiddiy xavf ostiga qo`ygan bo`lamiz.

Biz “ Adolat” Sosial Demokratik Partiyasi faollari zo`ravonlikka tamomila qarshi insonlar safida turib, yurtimiz ravnaqi yo`lida xalqimizning o`lmas, bebaho qadriyatlariga hamohang tarzda, yoshlarimizni  millatimizga yod bo`lgan har qanday g`oya va qarashlardan himoyalash tarafdorimiz. Bunday sharafli yo`lda kerak bo`lsa jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirishimiz, foydasidan ko`ra ziyoni ko`p bo`layotgan internet tarmog`idagi tik-tok singari mobil ilovalarni sodir bo`layotgan ko`ngilsiz voqea-hodisalarni hisobga olgan holda  butunlay bloklashimiz lozim. “Shusiz ham ta`qiqlar mavjud-ku” deyishimiz mumkin. Biroq ko`r-ko`rona  mashhurlikga o`ch yoshlar ongini zaharlab, ijtimoiy tarmoqda  shuxrat qozonishga “oltin ko`prik” vazifasini o`tayotgan tik-tok bilan “tik-tokerlar”imiz  VPN ilovasi orqali ulanish imkoniyati borligi bu masalani ham o`rganib chiqish  zarurligini ko`rsatadi.

Xastalikni davolashdan ko`ra, uning oldini olgan afzal. Shunday ekan berkitayotgan kasalligimizni istimasi oshkor qilib turgan bir vaqtda xaqiqatga tik boqaylik. Toki kun kelib arzimasdek ko`ringan yaramiz kattalashib, butun boshli tanamizni eb bitirmasin",–deyiladi xabarda. 

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring