Adliya vazirligi davlat gerbi va bayrog`ining tasviri tushirilgan ”bokal”lar sotilayotganiga munosabat bildirdi

Instagram ijtimoiy tarmog`idagi kanalda uy-ro`zg`or buyumlarida davlat gerbi va bayrog`i tasvirlaridan foydalanilgani namoyish qilingan. Holatga Adliya vazirligi munosabat bildirdi. Ma`lum qilinishicha, mazkur ish O`zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.

Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi “Davlat gerbi to`g`risida”gi Qonunining 5-1-moddasi hamda "Davlat bayrog`i to`g`risida"gi Qonunining 5-2-moddasiga muvofiq, davlat ramzlari tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o`tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

"Tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to`g`risida"gi Qonunning 10-moddasida davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; davlatlarning rasmiy nomlari tovar belgilari sifatida ro`yxatdan o`tkazilmasligi belgilangan.

Реклама на Unews

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasida O`zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog`iston Respublikasining Davlat bayrog`i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi deb belgilangan.

Adliya vazirligi davlat ramzlarini hurmat qilishni va qonunga binoan faoliyat yuritishni so`rab qoladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring