2030 yilgacha 3-7 yoshdagi bolalarning 80,8 foizini maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish ko`zda tutilmoqda

Ta`lim sohasini isloh qilish bugun hukumatimiz diqqat e`tiborida turgan dolzarb sohalardan biri, desak mubolag`a bo`lmaydi. So`nggi yillarda maktabgacha ta`lim tizimini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qarorlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda. 

Maktabgacha ta`lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, bolalarni maktabgacha ta`lim bilan bosqichma-bosqich to`liq qamrab olishni ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida“gi Farmoni bilan Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etildi.

Bugungi kunda O`zbekistonda 14 mingdan ortiq maktabgacha ta`lim tashkiloti faoliyat ko`rsatmoqda. 2019 yilda Maktabgacha ta`lim vazirligi tizimga bolalar qamrovini 52 foizga etkazdi. 2020 yilda bu ko`rsatkich 59,5   foiz bo`lishi kutilmoqda, shuningdek, 85,2 foiz 6 yoshli bolalarni majburiy 1 yillik ta`lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Реклама на Unews

Ma`lumki, Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etilmasdan avval tizimda zamonaviy dasturlar joriy etilmagan, bolalarni maktabga tayyorlash bo`yicha muqobil, moslashuvchan modellar etarli darajada rivojlanmagan. Taraqqiy etgan mamlakatlardagi kabi bolalarni ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish, atrof-muhit bilan tanishuvga yo`naltirilgan maxsus davlat ta`lim dasturlari tatbiq qilinmagan edi. Davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning aksariyati o`rta maxsus ma`lumotga ega bo`lib, bolalarni maktab ta`limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermas edi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 maydagi “O`zbekiston Respublikasi maktabgacha ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”giqarori misolida ko`rsak, mazkur konsepsiya maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha ta`limdan teng foydalanishini ta`minlash, maktabgacha ta`lim xizmatlarini rivojlantirish, bir so`z bilan aytganda, maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirishning maqsadli vazifalarini qamrab olgan bo`lib, jarayonning ustuvorliklari va bosqichlarini belgilab beradi. 

Konsepsiya tasdiqlangandan so`ng o`tgan bir yildan ortiq vaqt mobaynida maktabgacha ta`lim tizimida yangi Qonun qabul qilindi, yangi  loyihalar, islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, 2019 yilda “Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. 

Реклама на Unews

Mazkur Qonunda maktabgacha ta`lim va tarbiyaning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosati yo`nalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha ta`lim vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, egaligida maktabgacha ta`lim tashkilotlari bo`lgan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilangan.

Qayd etilgan Konsepsiyada 2030 yilgacha 3-7 yoshdagi bolalarning 80,8 foizini maktabgacha ta`lim bilan qamrab olinishining ta`minlanishi ko`zda tutilgan. Xususan, 2020 yilda yangi maktabgacha ta`lim tashkilotlari binolarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, bir paytlar bog`cha bo`lgan binolarni qayta Maktabgacha ta`lim vazirligi hisobiga qaytarish, maktabgacha ta`limning muqobil shakllarini joriy etish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilgi dasturlarga muvofiq 18 ta ob`ekt qurib bitkazilishi, 129 ta bo`sh inshoot foydalanishga topshirilishi va 261 ta davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti ta`mirlanishi rejalashtirilgan. Bu esa qo`shimcha yangi 32,7 ming o`rinlarni yaratadi.

Maktabgacha ta`limda xususiy sektorni rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu tariqa, 2018-2019 yillarda Maktabgacha ta`lim vazirligi umumiy qiymati 3,89 trln. so`mga teng Davlat-xususiy sheriklik haqidagi shartnomalarni imzoladi (ulardan 1,1 trln. so`mi tadbirkorlar hisobidan ajratilgan bo`lsa, 2,8 trln. so`mi - imtiyozli kreditlar hisobiga to`g`ri keldi). Foydalanishga topshirilishi kutilayotgan nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari quvvati 147,9 ming o`ringa teng. 2020 yilda yana 2 mingta oilaviy va 420 ta davlat-xususiy sheriklik doirasidagi maktabgacha ta`lim tashkilotlari ochilishi rejalashtirilgan.

Maktabgacha ta`lim tashkilotlari uchun pedagog va boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va salohiyatini oshirish borasida ham ijobiy o`zgarishlar kuzatilmoqda. 

Maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoiy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish ham Konsepsiyaning asosiy yo`nalishlaridan biridir. Mazkur tizimda innovasiyalarni, ilg`or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida maktabgacha ta`lim tashkilotlarini kompyuterlar bilan ta`minlash, internet tarmog`iga ulanishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 

Maktabgacha ta`limda tarbiya samaradorligini oshirish yuzasidan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida ta`lim-tarbiyada axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada takomillashtirish mavzusida tuman (shahar) Maktabgacha ta`lim bo`limlari tomonidan o`quv-seminarlar, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlarlarda “OPEN EMIS” tizimidagi xato kamchiliklarni tuzatish bo`yicha amaliy ko`nikmalar berilmoqda.

Odiljon IMINOV, 

Oliy Majlis Senati 

Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash 

masalalari qo`mitasi raisi

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring