2021 yilda Afg'onistonda qancha tinch aholi halok bo'lganini bilasizmi?

Afg‘onistonda 2021 yilning birinchi yarmida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni rekord darajaga yetdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) xabar berdi.

Mamlakatda yil boshidan beri 1 ming 659 fuqaro halok bo‘lgan, 3254 kishi jarohat olgan. Bu 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan 47 foizga ko‘p. Fuqarolarning o‘limi va jarohatlanish holatlari may oyida AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi missiyalarini yakunlab, mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaganidan so‘ng keskin o‘sdi. Harbiylar olib ketila boshlagach, «Tolibon» harakati Afg‘oniston hukumat qo‘shinlariga qarshi hujum boshladi. May—iyun oylarida halok bo‘lgan yoki yaralangan tinch aholining soni undan avvalgi to‘rt oydagi ko‘rsatkich bilan deyarli bir xil.

Qurbonlar va jarohat olganlarning deyarli yarmini ayollar va bolalar tashkil etadi. Xususan, voyaga yetmaganlar 32 foiz (468 kishi o‘ldirilgan, 1214 kishi yaralangan), ayollar – 14 foiz (219 kishi o‘ldirilgan, 508 kishi jarohat olgan). Ushbu yarim yillik statistik ma’lumotlar ham rekord ko‘rsatkichdir.

UNAMA ta’kidlashicha, may—iyun oylarida Afg‘onistonda jami 783 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 1609 kishi yarador bo‘lgan — bu yordam missiyasi ish boshlagan 2009 yildan buyon ikki oylik rekord statistikadir.

Hukumatga qarshi unsurlar — «Tolibon», «Islomiy davlat» jangarilari va boshqa noma’lum guruhlar tinch aholi orasidagi qurbonlarning uchdan ikki qismi uchun javobgar. Hukumat kuchlari qurbonlarning 25 foizi uchun javobgar. Qolgan o‘limlar va jarohatlar uchun kim javobgarligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Tinch fuqarolarning o‘limi va jarohatlanishiga asosan jangarilar tomonidan ishlatilgan qo‘lbola portlovchi moslamalar, qarama-qarshi tomonlarning quruqlikdagi to‘qnashuvlari, maqsadli qotilliklar va Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarining aviazarbalari sabab bo‘lmoqda.

BMT missiyasi agar ziddiyatning avj olishi to‘xtamasa, 2021 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda tinch aholi orasidagi qurbonlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilishi haqida ogohlantirmoqda. Bungacha eng yuqori ko‘rsatkich 2016 yilda sodir etilgan — 5275 kishi (1644 kishi o‘lgan, 3631 kishi jarohat olgan).

«Men ‘Tolibon’ va Afg‘oniston rahbarlaridan ziddiyatning dahshatli va qo‘rqinchli trayektoriyasini va uning tinch aholi uchun halokatli oqibatlarini hisobga olishini iltimos qilaman», — dedi UNAMA rahbari va BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layons.

Hozirgacha radikallar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi eng shiddatli to‘qnashuvlar aholi zichligi nisbatan past bo‘lgan hududlarda sodir etildi. BMT janglar shahar joylariga ko‘chsa, tinch aholi uchun buning oqibatlari halokatli bo‘lishidan xavotirda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring