1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni!

Farzand – inson umrining mazmuni. Bolalar esa insoniyat hayotining mohiyati. Ular borligi uchun tamaddun charxpalagi hamon aylanib turibdi.

 

Ko`zimiz quvonchi, ertamiz egasi bo`lgan bolajonlarni asrab-avaylash, komil inson etib tarbiyalash har bir ota-ona va oilaning burchi, har bir davlat taraqqiyotini belgilovchi eng muhim omil sanaladi. 

 

Bola tabassumi – olam bezagi. Ayniqsa, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sayyoramiz bolajonlarning samimiy va beg`ubor kulgusi bilan yanada yasharib ketadi. Bu sana quyoshli diyorimizda ham o`zgacha intiqlik bilan kutiladi. Azaldan bolajon bo`lgan xalqimiz shu kuni kundalik tashvishlarni bir chetga qo`yib, farzandlarini istirohat bog`lariyu ko`ngilochar maskanlarga olib borishga oshiqadi. Bolajonlarga turli xil sovg`alar ulashiladi. Bu esa oilada mehr-muhabbat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Реклама на Unews

 

Xo`sh, butun dunyoda sevib nishonlanadigan xalqaro bolalar kunining kelib chiqish tarixi qanday?

Manbalarga ko`ra, ushbu xalqaro bayram 1925 yilda Jenevada bo`lib o`tgan hamda bolalar farovonligini ta`minlash masalalariga bag`ishlangan  umumjahon konferensiyasida ilk bor e`lon qilingan. 

BMT tashkil etilgach bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilot faoliyatining muhim yo`nalishlaridan biri sifatida belgilandi va 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanishi yanada ommalashdi. Hozirda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatida ushbu bayram keng miqyosda nishonlanadi.

Реклама на Unews

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1959 yil 20 noyabrda Bola huquqlari deklarasiyasi hamda 1989 yil 20 noyabrda “Bola huquqlari to`g`risida”gi konvensiya qabul qilindi. Mazkur xalqaro me`yoriy hujjatlar jahon miqyosida bolalar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Ularni dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tan olgan va milliy qonunchiligiga tatbiq etgan. 

BMTning bolalar jamg`armasi – YuNISEF esa dunyoning turli davlatlaridagi bolalarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash bilan shug`ullanib kelmoqda. Jahonning mingyillik rivojlanish dasturiga aynan YuNISEF tashabbusi bilan bolalar manfaatlariga xizmat qiladigan sakkizta maqsad kiritildi.

Erishilayotgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham talaygina. Masalan, statistik ma`lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda 5 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan 155 millionga yaqin bola majburiymehnatga  jalb qilinadi va bundan aziyat chekadi. 

Shu o`rinda e`tirof etish joizki, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bolalarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga butunlay barham berildi.

Mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy asosda to`la himoyalangan. Bu borada Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham 26 yildan beri samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Milliy markaz aholi orasida bola huquqlarini targ`ib qiluvchi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, o`quv kurslari va seminar-treninglar o`tkazib keladi. Bola huquqlarini ta`minlashga qaratilgan milliy qonunchiligimizni takomillashtirish, unga xalqaro huquqiy normalarni tatbiq etish borasida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Shuningdek, bola huquqlariga doir o`nlab ilmiy hamda ommabop nashrlar chop etilgan.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida, ayniqsa, alohida hozirlik ko`riladi. Shu kuni turli madaniy tadbirlar o`tkaziladi, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari hamda nogironligi mavjud bolalardan xabar olinib, turli sovg`alar ulashiladi. Joriy yilda ham  Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida esda qolarli madaniy tadbir tashkil etish rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda ham, xalqaro miqyosda ham bola huquqlari doimo e`tibor markazida bo`lib kelmoqda. Chunki bolalar ertamiz egalari, ularni barkamol inson etib tarbiyalash esa baxtli va farovon kelajagimiz kafolatidir.

Madina NURULLOEVA,

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi umumiy bo`lim etakchi mutaxassisi

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring